Jahon | 15:39 / 13.06.2016
3989
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Merkel muhojirlar masalasida Erdo‘g‘anga yon bosmoqchi

Germaniya kansleri Angela Merkel Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘anning YeI talablarini to‘liq bajarishni rad etganiga qaramay, Turkiyaga yon bosib, unga vizasiz bordi-keldini taqdim etmoqchi. The Telegraph gazetasi, Buyuk Britaniyaning Germaniyadagi elchisi Sebastyan Vudning diplomatik xabarlariga tayangan holda shu haqda yozmoqda. 

Nashr ixtiyoriga kelib tushgan xabarlarda aytilishicha, Germaniya kansleri Turkiya aksilterror qonunchiligi borasida kelishishga urinmoqda. Uning qat'iylashtirilishi Turkiya fuqarolari uchun Yevropaga vizasiz kirib-chiqish tartibini joriy qilish talablaridan biri edi. 

Diplomatning ta'kidlashicha, Germaniya Turkiyani oktabr oyigacha "ushlab" turish mumkin deb o‘ylaydi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Turkiyaga vizasiz  tartib joriy qilinmas ekan, «sabrsiz va serzarda Erdo‘g‘an», o‘ziga «xiyonat qilingan» deb hisoblab, muhojirlar uchun Yevropa "darvoza"sini ochib yuborishi mumkin. 
Avvalroq Angela Merkel YeI va Turkiya o‘rtasida muhojirlik kelishuvining hayotga tatbiq etilishiga ishonch bildirgan edi.