Sport | 10:36 / 24.06.2016
4559
2 daqiqa o‘qiladi

Lineker Brexit bo‘yicha referendumga o‘ziga xos tarzda munosabat bildirdi

Angliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri Gari Lineker Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi masalasida o‘tkazilgan referendumga kinoya bilan yondashdi.

Britaniyadagi yetakchi nashrlar ITV, Sky News va VVS qirollik aholisi referendumda blokdan chiqish uchun ovoz bergani haqida xabar qila boshlaganida u "Agar bu jarayon durang bilan yakunlansa, penaltilar seriyasi bo‘ladimi?" deya hazilomuz fikr bildirgan.

"Referendum qizg‘in davom etmoqda. Agar kuchlar teng kelsa, penaltilar seriyasi ko‘ramizmi? Agar shunday bo‘lsa, biz o‘z tarkibimizga nemislarni jalb etishimiz kerak", deya yozgan Lineker o‘z tvitteriga.

"Bu triumf onlari emas. Bo‘linish vaqti emas. Tomonlar bir-biriga nafrat bilan boqmasin. Bu o‘zgarish davri. Xotirjamlikni saqlash davri. Tarixiy damlar", deya qo‘shimcha qilgan u keyin jiddiy ohangda.

Referendum yuridik xarakterga ega emas. Hukumat uning natijalarini tan olmasligi mumkin.

Shu bilan birgalikda, tahlilchilar hukumat rahbari Devid Kemeronning o‘zi ushbu referendum tashabbuskori bo‘lgani tufayli natijalar tan olinishini aytishmoqda.