Sport | 17:16 / 03.07.2016
5944
2 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» Yaponiya chempionatidan hujumchi sotib olayotgani haqida e'lon qildi

Londonning «Arsenal» jamoasi rasmiy saytida Yaponiya terma jamoasi va «Sanfrechche Xirosima» klubi hujumchisi Takuma Asano transferi bo‘yicha jarayon muvaffaqiyatli hal etilgani haqida ma'lum qilindi.

21 yoshli bu futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, shartnomaga imzo chekadi.

«Takuma — talantli yosh hujumchi. U Yaponiyada ajoyib faoliyat o‘tkazdi, biz uni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. U yaqin yillarda bizning jamoamizda yanada o‘sishiga umid qilamiz», — degan «kanonirlar» jamoasi bosh murabbiyi Arsen Venger.

«Sanfrechche Xirosima» jamoasiga ushbu futbolchi 2013 yilning yanvarida qo‘shilgan. Asano bu jamoa safida 56 uchrashuvda maydonga tushib 11 gol urgan. U Yaponiya terma jamoasiga chaqirila boshlagach, 5ta o‘yin o‘tkazdi va bir gol urdi.

Bundan oldinroq «Arsenal» yaponiyalik hujumchini transfer qilish bo‘yicha harakat boshlagani, futbolchining o‘zi esa faoliyatini Angliyada davom ettirishi haqiqatga yaqin ekanini aytgani haqida xabarlar berilgandi.