Jahon | 18:22 / 03.07.2016
7648
2 daqiqa o‘qiladi

Eron yetakchisi Suriya masalasida AQSh bilan hamkorlik ehtimolini istisno etdi

Eron diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiy AQSh bilan hududiy muammolarni hal etish masalasida, xususan Suriya mavzusida hamkorlik qilinmasligini ta'kidladi. U bu haqda Tehronda talabalar bilan o‘tkazilgan uchrashuvi vaqtida gapirgan.

"Biz bunday hamkorlikka bormaymiz. Asosiy maqsadi Eronni yo‘q qilish bo‘lgan AQSh bilan hech qanday hamkorlik bo‘lmaydi", deya Xomaneiyning so‘zlarini keltiradi TASS.

Bundan oldinroq Vashingtondagilar Suriya masalasida Eron bilan hamkorlik qilinishi ehtimoli haqida gapirishgandi.

Eron rahnamosining so‘zlariga ko‘ra, "Eron AQSh mintaqadagi ishlarga aralashmasligi"ni istaydi.

"Kimki Eronni o‘z taraqqiyoti uchun G‘arbga suyanadi deb o‘ylasa, u butunlay aqlini yo‘qotgan bo‘ladi. Men bunday ish bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatishni o‘zimning ma'naviy va diniy burchim deb hisoblayman", degan u.