O‘zbekiston | 19:46 / 05.07.2016
6008
2 daqiqa o‘qiladi

Litva delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

O‘zbekistonga tashrif buyurgan Litva Seymining O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari Valerius Simulik rahbarligidagi delegatsiya a'zolari 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Sarvar Otamurodov bilan uchrashdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Litva Respublikasi o‘rtasidagi aloqalar turli yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Muzokara davomida mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Mehmonlar O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi so‘nggi 11 yilda muntazam sakkiz foizdan yuqori bo‘layotgani, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishilayotgani O‘zbekistonda barcha sohalar qatori iqtisodiyotni izchil rivojlantirish borasida olib borilayotgan oqilona siyosat samaralaridan ekani qayd etildi.

– Litva O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik qilishdan manfaatdor, – dedi Valerius Simulik. – Zero, jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekistonda ko‘plab sohalarda ulkan o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bunda mamlakatingizdagi tinchlik va barqarorlik, uning jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan nufuzi muhim omil bo‘lmoqda. 

Litva delegatsiyasi O‘zbekistonning qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar o‘tkazdi.