Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlash niyatida
Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar qilishicha, Respublika Bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston bilan munosabatlarni faollashtirish va mustahkamlash zarurligi xususida bayonot bergan.
Jeenbekov Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi Doniyor Siddiqovni, uning diplomatik faoliyati boshlanishi munosabati bilan qabul qilib, zaruriy ko‘rsatmalar bergan va yangi elchi O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishda o‘z tajribasidan foydalanishiga ishonch bildirgan.
Hukumat rahbari, Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi prezidentlari Almazbek Atambayev va Islom Karimovning ShHT sammiti doirasida 24 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash zarurligini ta'kidlagan.
Xususan, Jeenbekov ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasi hamda davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini o‘tkazish zarurligini ta'kidlagan.