Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«MYu» Pogbani qaytarish uchun rekord darajadagi transferga qo‘l urishga tayyor
«Manchester Yunayted» «Yuventus»ga Pol Pogbani qaytarish uchun rekord darajadagi 120 million yevroni to‘lashga tayyor. Bu haqda Italiyadagi Sky Sport Italia va Angliyadagi Daily Mail nashrlari bir vaqtda xabar tarqatishdi.
Gianlucadimarzio.com nashri xabariga ko‘ra esa, manchesterliklar futbolchining o‘zi bilan shaxsiy shartnoma bandlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. 23 yoshli futbolchi bilan 5 yillik shartnoma tuziladi va unga yiliga 17 million yevrolik maosh tayinlanadi.
Hozircha dunyoning eng qimmat futbolchisi 2013 yilda 101 million yevro evaziga «Tottenhem»dan «Real»ga o‘tgan uelslik yarim himoyachi Garet Beyl hisoblanadi.
Pogba «MYu» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2012 yilda u «MYu»dan «Yuventus»ga erkin agent sifatida o‘tgandi.
Bundan oldinroq, Madridning «Real» jamoasi ushbu futbolchini qo‘lga kiritishi aniq bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ayni vaqtda Fransiya terma jamoasi bilan Yevropa chempionatidagi ishtirokini davom ettirayotgan Pogba 7 iyul kuni Germaniyaga qarshi yarim final o‘yinida maydonga tushishi kutilmoqda. U turnirda shu vaqtgacha 1 golga mualliflik qildi.
Pogba o‘tgan mavsumda «Yuventus» safida 49 o‘yin o‘tkazib, 10 gol urdi va 16 marta sheriklarini golli pas bilan ta'minladi. Uning hisobida shuningdek, 12ta sariq kartochka to‘plandi.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyul kuni rasman jamoa bosh murabbiyi sifatida tanishtirilgan Joze Mourino o‘zi istagan 3ta transfer amalga oshgani («Vilyarreal»dan himoyachi Erik Bayi, «Borussiya D»dan Genrix Mxitaryan va erkin agent sifatida Zlatan Ibrahimovich) va yana bittasi qolgani haqida gapirib o‘tgandi.