O‘zbekiston | 15:21 / 07.07.2016
5666
2 daqiqa o‘qiladi

«Navoiyazot» 1,8 mlrd dollarlik loyihani amalga oshiradi

O‘zbekistondagi yirik kimyo korxonasi “Navoiyazot” AJ umumiy qiymati 1,8 mlrd AQSh dollari bo‘lgan uchta loyiha ustida ish olib bormoqda. Bu haqda “Xalq so‘zi” gazetasiga bergan intervyusida “O‘zkimyosanoat” AJ boshqarma boshlig‘i Normat Ibragimov aytib o‘tgan. 

“Shu kunlarda “Navoiyazot” AJning yirik kimyo korxonalarida umumiy qiymati 1,8 million AQSh dollarilik uchta loyiha hayotga tatbiq qilinayapti. Chunonchi, Xitoyning “CAMCE Engineering” va “HQC Shanghai” konsorsiumlari hamkorligida respublikamiz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan mahsulot — polivinilxlorid (PVX), kaustik soda hamda metanol, Yaponiyaning “Mitsubisi korporeyshn” va “Mitsubisi xevi indastriz” kompaniyalari bilan birgalikda ammiak hamda karbamid tayyorlovchi quvvatlarni barpo etish, Shveytsariyaning “Kasale” kompaniyasi ko‘magida esa azot kislotasini ishlab chiqarish kompleksini yangilash bo‘yicha ishlar olib borilayotir”, - dedi Ibragimov. 

Buning samarasi o‘laroq, elektr energiyasi sarfi bir tonna azot kislotasi ishlab chiqarishda besh karra, ammiak tayyorlashda esa ikki barobar kamayadi. Muhimi, qariyb 1500 ta ish o‘rni yaratiladi.

Kimyo sanoatini 2020 yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq esa, umumiy qiymati 2,65 milliard AQSh dollarilik 23 ta loyiha ro‘yobga chiqarilishi mo‘ljallanmoqda. Bu pirovardida 15 turdagi yangi mahsulot tayyorlashning yo‘lga qo‘yilishi bilan diqqatga sazovordir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish