Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iste'molga yaroqsiz osh tuzini qadoqlab sotgan “ishbilarmonlar” fosh etildi
SVOJJDLQK departamentining Bag‘dod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda hududdagi Mo‘ylavi qishlog‘ida yashovchi Lolaxon Qodirova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘z xonadonida qonunga xilof ravishda iste'molga yaroqsiz osh tuzini qadoqlab, ulgurji sotish bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlandi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
U 800 dona qadoqlangan “Parvoz” osh tuzini xaridorga 320 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. “Ishbilarmon” ayolning xonadonida 2180 dona qadoqlangan tuz ashyoviy dalil sifatida olindi. Surishtiruv jarayonida L.Qodirova tuzni Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro A.Qo‘ziboyevdan sotib olayotgani ma'lum bo‘ldi.
Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda tuz qo‘shtepalik Arabboy Qo‘ziboyev va Farg‘ona tumani Damko‘l qishlog‘ida yashovchi uning sherigi Ismoiljon Usmanov tomonidan Navoiy viloyatidan keltirilayotganligi aniqlandi.
O‘zaro til biriktirib, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan iste'mol talablariga javob bermaydigan osh tuzini o‘tkazish bilan shug‘ullangan I.Usmanov, A.Qo‘ziboyev hamda L.Qodirovaga sud tomonidan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.