Jahon | 07:12 / 10.07.2016
5710
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning Irtishskida kuydirgi bilan kasallanish holati tekshirilmoqda

Qozog‘istonning Pavlodar viloyati Irtishsk tuman markazida shifokorlar va epidemiologlar kuydirgi bilan kasallanish ehtimoli sababli tekshirish o‘tkazishmoqda, deb viloyatning bosh veterinar nazoratchisi Rashid Nurbekov ma'lum qildi "Novosti-Kazaxstan" axborot agentligiga.

Uning aytishicha, 8 iyulda Irtishskda ikki kishi xavfli yuqumli kasallikka gumon qilinib shifoxonaga yetkazilgan. 51 yoshli ishsiz erkak va mahalliy kafening ofitsiantkasi bo‘lgan 31 yoshli ayolda kuydirgining klinik alomatlari paydo bo‘layotgani qayd qilingan. Bemorlarning ahvoli o‘rta og‘irlikda deb baholanmoqda.

Nurbekovning ta'kidlashicha, kasallanish kasal sigirning go‘shtini nimtalash vaqtida yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Epidemiologik tadqiqot bilan 27 iyunda Uzunsu qishlog‘ida yashovchi erkak yaylovda veterinar tekshiruvsiz sigir so‘ygani, so‘ngra 117 kg miqdoridagi go‘shtni kafega topshirgani aniqlandi. Bu go‘shtning bir qismi 51 kishi ishtirok etgan bayramda pishirilgan.

Hammasi bo‘lib profilaktik maqsadda 25 kishi shifoxonaga yetkazilgan, ular orasida bir yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 6 bola ham bor. Ularning barchasi Irtishsk tuman markaziy shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga kuzatuv va kimyoviy muolaja olish uchun yetkazilgan. Ularda kasalning biror bir alomati kuzatilmagan.

Qishloqda tegishli profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.