Jahon | 11:02 / 17.07.2016
7252
1 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya isyonchi harbiylarni olib kelgan vertolyotni Turkiyaga qaytardi

Gretsiya shanba kuni ertalab Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etgan 8 nafar harbiy uchib kelgan vertolyotni bugun Turkiyaga qaytardi. Harbiylar hozircha Gretsiyada qolgan va o‘z taqdirlari bo‘yicha chiqariladigan qarorni kutishmoqda.

Harbiy to‘ntarishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangach, turkiyalik harbiylar mingan Black Hawk vertolyoti Aleksandrupolis shahri aeroportiga kelgan va turkiyalik harbiylar Gretsiyadan boshpana so‘rashgandi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Gretsiyadan to‘ntarish tarafdorlarini zudlik bilan ekstraditsiya qilishni talab etgan.

Gretsiya hukumati Turkiya bilan imkon qadar tezroq vertolyotni qaytarish masalasini muhokama etgan, shuningdek, to‘ntarish tarafdorlariga nisbatan xalqaro huquq me'yorlari qo‘llanishiga ishonch hosil qilgan. Shuningdek, hibsga olinganlar o‘z mamlakatlarida konstitutsiyaviy qonunchilikni buzishda ayblanayotgani inobatga olingan.