Jahon | 12:09 / 17.07.2016
11489
2 daqiqa o‘qiladi

Qurollangan guruh Yerevanda politsiya mahkamasini egallab oldi, 1 kishi o‘ldirildi

Foto: © RIA Novosti

Qurollangan shaxslar guruhi Armaniston poytaxti Yerevan shahri yaqinidagi Erebuni tumanida politsiya bo‘limi binosini egallab olgan. Ular Qorabog‘ ixtilofiga hibsga olishlar doirasida qo‘lga olingan faollardan birini, muxolifatdagi "Yangi Armaniston" nomli radikal guruh yetakchisi Jirayra Sefilyanni ozod etishni talab qilishmoqda. Sefilyan noqonuniy ravishda qurol saqlashda ayblangandi.

«Interfaks» agentligining mahalliy televideniyega asoslanib xabar qilishicha, hujum oqibatida kamida 1 kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohatlangan.

Hujum qiluvchi guruh Yerevan politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Valeriy Osipyanni garovda tutib turishibdi.

Garovga olingan binoga harbiylar jo‘natilgan. Politsiya matbuot xizmati rahbari Ashot Agaronyan yaqin vaqt ichida vaziyat bo‘yicha batafsil bayonot bilan chiqilishini ma'lum qilgan.

Ayni vaqtda Erebuni tumaniga olib boruvchi barcha yo‘llar yopilgan.

Sefilyan 20 iyun kuni hibs qilingandi. Tergov davomida u o‘z tarafdorlari bilan Yerevandagi telekommunikatsiya binolari, xususan teleminorani qo‘lga olishni rejalashtirgani ma'lum bo‘lgan.

Tergovchilar ma'lumotiga ko‘ra, jinoiy guruh a'zolari aprel oyida Qorabog‘da boshlangan to‘qnashuvlardan keyin o‘z rejalarini tuzishgan.

Sefilyan 2006 yilning 10 dekabrida ham qo‘lga olingandi. O‘shanda u aholini konstitutsion tuzumga qarshi targ‘ib qilish va noqonuniy qurol saqlashda ayblangan va 1,5 yilga qamalgandi. U 2008 yilning iyunida ozodlikka chiqqan. 2015 yili Sefilyan o‘z tarafdorlari bilan "Parlament ta'sischilari" tashkilotiga asos solgan va ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinishda ayblanib qamoqqa tashlangandi. Lekin 4 oydan keyin qo‘yib yuborilgandi.