O‘rmon qirollari – Raute qabilasi haqida hikoya
Tarix kitoblaridan bizga yaxshi ma'lumki, insoniyat ming yillar avval dehqonchilik va chorvachilikka o‘rgangunga qadar ibtidoiy tarzda yashagan. Ular, asosan, ovchilik bilan shug‘ullanishgan. Bugungi kunda ham ibtidoiy tarzda hayot kechiruvchi xalqlar bor deyilsa, ko‘pchilik ishonmasligi mumkin. Ammo bu ayni haqiqat. Yer yuzi aholisi tezlik bilan ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda sayyoramizda yashayotgan aholi soni 7 milliarddan oshib ketdi. Aholi soni oshib borar ekan, shu bilan birga butunlay yo‘qolib ketish arafasida turgan xalqlar ham borligidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Gap bu yerda son jihatidan kamayib borayotgan qabila va elatlar haqida bormoqda. Ular globalizatsiya va assimilyatsiyaning qurboniga aylanmoqda. Shu tariqa yo‘qolib borayotgan xalq bilan birga, ularning madaniyati va turmush tarzi ham yo‘q bo‘lib ketmoqda.
Tezlik va nanotexnologiyalar asrida sivilizatsiyadan panada bo‘lgan xalqlar ham mavjudki, ularning ayrimlarining taqdiri xavf ostida qolmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 370 millionga yaqin tub xalq vakillari istiqomat qiladi. Bu yer yuzi aholisining 5 foizi demakdir.
Nepalda raute deb nomlanmish ko‘chmanchi qabila bor. Bu qabila a'zolari bir yerda uzoq turib qolmaydi. Ularning qayerdan kelib, qayerga ketayotganliklarini ham hech kim bilmaydi. Ular yog‘ochdan yasalgan buyumlarini don-dunga almashtirish maqsadida ma'lum bir qishloqqa tashrif buyurishadi. Savdo-sotiq tugashi bilan bu qishloqni zudlik bilan tark etadilar. Shu sababli ham raute qabilasining a'zolari qadimdan beri davom etib kelayotgan an'analarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan. Bugungi kunda raute qabilasi ming yil avval qanday hayot kechirgan bo‘lsa, hozir ham ibtidoiy turmush tarzlarini o‘zgartirmagan. Bu xalq bolalari maktab ostonasidan hatlab o‘tishmagan. O‘qish va yozish nimaligini mutlaqo bilishmaydi. Ular maymun go‘shtidan boshqa go‘sht mahsulotlarini iste'mol qilishmaganlari bois faqat maymunlarni ovlashadi. Ularning asosiy yemishlari o‘t-o‘lan, meva-cheva, sabzavot va yong‘oqlardan iborat bo‘lib, maishiy hayoti qadimiy ananalarga moslashgan. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, iqlim o‘zgarishi va maymunlarning kamayib borayotgani sabab ham qabila vakillarining hayot kechirishida muammolar kuzatilmoqda. Raute qabilasi o‘zlarini o‘rmon qirollari, deb atashadi.
Raute qabilasi boshqa qavmlar singari raqsga tushishni yaxshi ko‘radi. Ular raqsni ilohiylashtirishgan. Har bir ovdan keyin qabila a'zolari raqsga tushadi. Qabila sirlarni oshkor qilmaslik maqsadida ular odamlardan yiroqda bo‘lishni afzal ko‘rishadi. Ayniqsa, maymunlarni ov qilish borasidagi sirlarni aslo oshkor qilishmaydi. Raute xalqining fikricha, begonalar oldida ov qilish xosiyatsiz bo‘lib, ko‘z tegar ekan. Shu sababli ham ular qishloqlardan uzoqroqda maymunlarni ovlashadi. O‘lja barcha ovchilar tomonidan teppa-teng taqsimlanadi. Go‘sht o‘sha kunning o‘zida yeb tugatilishi kerak.
Qabila a'zolarining bo‘yi hech qachon bir yarim metrdan oshmagan. Ular ov ilohiga sig‘inishadi. Raute qabilasi a'zolarini Tibet-Himolay xalqlari guruhiga kiritish mumkin. Ular Nepaldagi eng so‘nggi ko‘chmanchilar ekani aytiladi. Ayni damda ularning soni 1 ming 300 kishidan iborat bo‘lib, atigi 150 nafarigina ananaviy turmush tarzini kechiradi.
Shuni ta'kidlash kerakki, raute qabilasi turmush tarzi bilan tanishish hammaga ham nasib qilmaydi. O‘tgan asrning 90-yillariga qadar biror bir yevropalik bu qabila istiqomat qiladigan makonlarga bora olmagan. Chunki qabila a'zolari so‘zlashadigan tilni biluvchilar ham mutloqo yo‘q edi. Ular o‘zlarini nepalik deb hisoblashmaydi. Shu sababli ham ularning o‘troq hayot kechirishi ancha qiyinchilik bilan o‘tmoqda.
Raute aholisini qo‘shni qishloq ahli bilan munosabatlarini yaxshi deb bo‘lmaydi. Mahalliy aholi va ko‘chmanchilar o‘rtasida tez-tez mojarolar kelib chiqishi turgan gap. Raute xalqi o‘zlarini o‘rmon qirollari deb atashlari bois, daraxtlarni kesishda kimdandir ruxsat so‘rab o‘tirishning hojati yo‘qligini aytishadi. Ma'lumki, Nepal xalqi orasida sigir, ilon va maymunlarga sig‘inuvchilar ham bor. Raute qavmi esa maymunlarni ov qilishlari mahalliy aholiga yoqmaydi. Bu o‘zaro mojarolarga sabab bo‘ladi.
Maymunlarni ovlash raute xalqi erkaklarining asosiy yumushi bo‘lishidan tashqari, qabila dunyoqarashining asosi hamdir.
Shunisi e'tiborga molikki, ular qo‘llarida hech qachon o‘q otar qurol ushlamagan. Ajdodlari ov qilgan quroldan foydalanishda hamon davom etishmoqda. Ya'ni ularning quroli bolta, pichoq, kaltakdan iborat.
Ov kuni erkaklar erta tongdan quyosh chiqqunga qadar ov ilohi Buyyaruga ibodat qilishadi. Ruhoniy baland ovozda duo qiladi. Qolganlar esa jim turishlari kerak. Shundan keyin Buyyaru sharafiga qurbonlik qilinadi. Ya'ni uning sharafiga xo‘roz yoki jo‘ja so‘yiladi. Qozonda pishirilgan parranda go‘shti ovchilar tomonidan iste'mol qilinadi.
An'anaga ko‘ra raute xalqi daraxt barglaridan barpo etilgan chaylalarda yashaydi. Ayni damda qariyalar ajdodlari turmush tarzini o‘zgartirish niyatida emas. Yoshlar esa zamonaviy hayot tarziga intilishmoqda. Kimning mavqei zafar quchadi, buni vaqt ko‘rsatadi. Bir narsa aniq - endilikda eskichasiga yashashga sharoit borgan sari qolmayapti. Bu xalq taqdiri xatar ostida qolganiga aslo shubha yo‘q. Ular yashab qolish uchun yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketishlariga umid qilib qolamiz.
Sharofiddin To‘laganov