Sport | 11:08 / 21.07.2016
7217
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi «Ufa» klubini yenga olmadi

Avstriyada o‘quv-mashg‘luot yig‘inini o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasi Vyorgl shahrida Rossiya premer-ligasi vakili “Ufa” klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 2:2 hisobidagi durang natija qayd etdi.

Uchrashuvning 2-daqiqasida rossiyaliklar hujumchisi Marsino hisobni ochdi.

19-daqiqada burchak zarbasidan yetkazib berilgan to‘pni Eldor Shomurodov boshi bilan darvozaga yo‘lladi va hisobning 1:1 ko‘rinish olishini ta'minladi. 21-daqiqada esa “Paxtakor” yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov aniq va kuchli zarbasi bilan O‘zbekistonning ikkinchi goliga  mualliflik qildi.

Uchrashuvning 59-daqiqasida Marsino O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozasi tomon belgilangan penaltini aniq amalga oshirdi va hisobni tenglashtirdi - 2:2. Bu uchrashuvdagi so‘nggi gol bo‘lib qoldi.  

O‘zbekiston terma jamoasining Avstriyada o‘tkazgan yig‘ini bugun, 21 iyul kuni yakuniga yetadi. Samvel Babayan qo‘li ostidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining navbatdagi nazorat o‘yinini 24 iyul kuni Iroq terma jamoasiga qarshi, “Bunyodkor” stadionida o‘tkazadi. Uchrashuv soat 19:00da boshlanadi.

O‘rtoqlik uchrashuvi
20.07.2016, Vyorgl, Avstriya.
“Ufa” - O‘zbekiston 2:2

Gollar: Marsino (2, 59-pen.) - Eldor Shomurodov (19), Jamshid Iskanderov (21)
«Ufa»: Sheliya, Stotskiy, Tumasyan, Vasin, Safronidi, Oblyakov, Bezdenejnix, Vanek, Marsin, Krotov, Diyego.
O‘zbekiston:  Ignatiy Nesterov, Kamoliddin Tojiyev, Aleksandr Merzlyakov, Akmal Shoraxmedov, Jamshid Iskanderov, Javohir Soxibov, Otabek Shukurov, Stanislav Andreyev, Azim Axmedov, Sherzod Karimov, Eldor Shomurodov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish