Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nitstsadagi teraktga aloqadorlikda gumonlangan 5 kishiga ayblov e'lon qilindi
Fransiya hukumati o‘nlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan Nitstsa teraktiga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olingan 5 kishiga nisbatan ayblov e'lon qildi. Bu haqda «Bi-bi-si» xabar tarqatdi.
Bu o‘rinda gap terrorchiga aloqasi bo‘lgan 4 erkak va 1 ayol haqida bormoqda. 3 kishi terroristik maqsadda guruh tashkil qilganlikda, yana 2 kishi qurol aylanmasi va terrorizmga qarshi qonunchilikni buzganlikda ayblanmoqda.
Molensning aniqlik kiritishicha, uch nafar gumonlanuvchi — A.Ramzi, S.Shukri va J.Muhammad Valid nomli erkaklar Tunis fuqarolaridir. Terrorchi Muhammad Buxlel ham tunislik edi. Ularga nisbatan «terrorchilik motivi bo‘yicha oldindan til biriktirish orqali qotilliklarga bosh qo‘shish» moddasi bo‘yicha ayblov e'lon qilindi.
Hibsga olingan albaniyalik juftlik X.Artan va Z.Enkeleja Nitstsadagi terrorchini qurol bilan ta'minlashda gumon qilinmoqda. A.Ramzi va albaniyalik juftlik noqonuniy qurol aylanmasida ayblanmoqda.
Bundan oldinroq, prokuror Fransua Molin bu guruh teraktga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rgani haqida ma'lum qilgandi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu terakt yuzasidan dastlab 7 kishi qo‘lga olingan, terrorchining turmush o‘rtog‘i politsiya tomonidan qo‘yib yuborilgan, yana bir kishi tergov doirasida ozod qilingan.
14 iyul kuni yuk mashinasi haydovchisi Nitstsadagi maydonga mushakbozlikni tomosha qilishga to‘plangan olomon ustiga bostirib kelgan. Bu hujum oqibatida 84 kishi halok bo‘lgan. Teraktni kelib chiqishiga ko‘ra tunislik bo‘lgan, Nitstsada yashovchi 31 yoshli Muhammad Buhlel amalga oshirgani ma'lum bo‘lgan. Mazkur terakt uchun javobgarlikni IShID terrorchi guruhi o‘z zimmasiga olgan.