Jamiyat | 16:50 / 23.07.2016
14661
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati yoshlarining yetakchisi saylandi

Joriy yilning 23 iyul kuni Samarqand viloyati hokimligi binosida “Kamolot” YoIH Samarqand viloyat Kengashining VII hisobot-saylov Konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferentsiyada iqtidorli yoshlardan tarkib topgan 180 nafar delegatlar tashrif buyurgan bo‘lib, ular 3 nafar “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohiblari, 3 nafar “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, 2 nafar “Nihol” mukofoti sovrindorlari, 3 nafar Prezident hamda 7 nafar Kamolot stipendiantlari, 12 nafar yosh tadbirkorlar, 93 nafar iqtidorli yoshlar, fan olimpiadalari, sport musobaqa g‘oliblari hamda “Kamolot” faollari ishtirok etishdi.

Konferentsiyada Samarqand viloyati hokimi Mirzayev Zoir Toirovich hamda qator tashkilot vakillari, viloyatning tuman va shaharlaridan barcha iqtidorli va faol yoshlarni iqtidorli yoshlar, yosh tadbirkorlar tamonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan kutib olishdi.

Viloyatda ikki yarim yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotni taqdim etish uchun so‘zga Harakatning Samarqand viloyat Kengashi raisi Abdulla Aslonov so‘zga chiqib, videorolik shaklida tayyorlangan hisobotni taqdim etdi.

O‘tkazilgan VII Konferentsiyada “Kamolot” YoIH Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari O‘tkir Shukurov viloyat Kengashining raisligiga amalda Kengash raisi lavozimini vaqtinchalik bajarayotgan Abdulla Aslonovning nomzodini taklif etdi. Nomzod barcha delegatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab quvvatlandi va “Kamolot” YoIH Samarqand viloyat Kengashi raisi etib saylandi.

Abdulla Aslonov so‘zga chiqib o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashga va'da berdi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Mirzaev Zoir Toirovich so‘zga chiqdi va barcha yoshlarni bugungi tadbir bilan tabrikladi.

O‘tgan 2,5 yil mobaynida qo‘yilgan kamchiliklarni keyingi faoliyat davomida takrorlanmasligi, amalga oshirilgan tadbir va loyihalarning yoshlar hayotida tutgan o‘rnini ta'kidlab o‘tdi. Zoir Toirovich viloyat yoshlariga o‘zining tabrigini bildirar ekan, fan olimpiadalari, davlat mukofotlari hamda xalqaro sport o‘yinlari sovrindorlarining safi yanada kengayishiga o‘z ishonchini bildirdi.

Tadbir yakunida barcha delegat va mehmonlar Amir Temur dahosiga bag‘ishlab o‘rnatilgan monumentning poyiga guldasta qo‘yishdi. Zero ajdodlar xotirasi qalbimizda, yuragimizda va ularning aytgan har bir so‘zlari bizda kelajakka bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.