Jahon | 07:59 / 26.07.2016
10500
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada nogironlar uyining sobiq xodimi 19 nogironni o‘ldirdi

26 yoshli Satosi Uematsu Yaponiyaning Sagamixara shahridagi nogironlar uchun mo‘ljallangan "Tsukuidagi liliyalar bog‘i" pansionatida davolanuvchilarga pichoq bilan hujum qildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan, 26 kishi og‘ir, 6 kishi yengil jarohatlar olgan. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. 

Hujum 26 iyulda mahalliy vaqt bilan soat 2:30 da boshlangan. Jinoyatchi pansionatda bo‘lganlarning deyarli uchdan birini o‘ldirgan va jarohatlagan. May oyi holatiga ko‘ra, pansionatda 18 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan 149 nogiron uzoq muddatli davolash va reabilitatsiya kursidan o‘tayotgan bo‘lgan.

Uematsu pansionatning sobiq xodimi bo‘lib, u yerda 2012 yildan 2016 yil fevraligacha ishlagan. 

Bosqinchining o‘zi politsiyaga taslim bo‘lgan. Uning oldidan qon izlari bo‘lgan bir nechta pichoq solingan sumka topilgan. "Nogironlar bo‘lmasa, yaxshiroq bo‘lardi", deb o‘z jinoyatini asoslagan  qotil. 

Uematsu fevralda Yaponiya parlamenti vakillar palatasi raisi Tadamora Osima qarorgohiga kelib, unga maktub bergan. TASS axborot agentligining tergovga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, maktub matni poyintar-soyintar bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish