Jahon | 07:34 / 27.07.2016
7863
1 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda 260 tolib armiyaga taslim bo‘ldi

Foto: © AFP

"Tolibon" radikal harakatining kamida 260 a'zosi Afg‘onistonning Samangan viloyatida armiyaga taslim bo‘ldi, deb ma'lum qildi 26 iyulda Afg‘oniston mudofaa vazirligi. 

Khaama Press agentligining ma'lum qilishicha, toliblar Dara-a-Suf tumanidagi 11 kun uzluksiz davom etgan harbiy operatsiyalardan keyin taslim bo‘lgan. Tumandagi ko‘pchilik qishloqlar jangarilardan ozod qilindi.

Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi qurol-aslaha va o‘q-dorilar bilan birga taslim bo‘lganlar orasida 2 qo‘mondon ham borligini ma'lum qildi. 

Afg‘onistondagi vaziyat oxirgi oylar sezilarli yomonlashdi. Avval mamlakatning qishloq joylarining katta qismini egallab olgan "Tolibon" yirik shaharlarga hujumlarni boshladi. Shuningdek, mamlakat hududida IShIDning ta'siri kuchaymoqda.