Jahon | 17:35 / 02.08.2016
7928
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston politsiyasi mamlakatdagi qurol-yarog‘ sotuvini o‘z nazoratiga oldi

Armaniston huquq-tartibot organlari «Sasna tsrer» qurolli guruhi tomonidan 17 iyul kuni Yerevandagi politsiya patrul-posti polki binosi qo‘lga olinganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab qurol-yarog‘ sotuvini o‘z qo‘liga oldi, muayayn turdagi qurollar sotilishi taqiqlangan.

«Qurol-yarog‘ sotuvi politsiya nazorati ostida. Muayyan bir turdagi qurollarning sotilishi taqiqlandi. Cheklovlar qo‘yilishi davom etmoqda», – deya huquq-tartibot organlaridagi manbasi Ashot Agaronyanga asoslangan holda xabar tarqatgan RIA Novosti agentligi.

Manbaning qayd etishicha, qurolni saqlashga huquqi bo‘lgan shaxslar hamda Ovchilar ittifoqi vakillari bilan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Bundan oldinroq mahalliy nashrlarning xabarlarida Armanistonda qurol-yarog‘ savdosi taqiqlangani aytilgandi.

Aniq ma'lumot olish uchun jurnalistlar odatiy xaridor kabi qurol do‘konlariga borishgan. Qurol sotuvchilardan biri Armanistonda faqat pnevmatik qurollar sotilishiga ruxsat mavjudligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 iyul kuni qurollangan shaxslar guruhi Yerevandagi politsiya patrul-posti polki binosini qo‘lga olib, Armaniston prezidenti Serj Sargsyan va mamlakat hukumati iste'fosini talab qilgandi. Ularning yana bir talabi muxolifatchilar yetakchisi Jirayra Sefilyanni ozod etish edi.

Hujum vaqtida 1 politsiyachi halok bo‘ldi, 6 kishi jarohatlandi.

Odamlarni 2 hafta davomida garovda tutib turgan bu qurolli guruhning 20 nafar vakili 31 iyul kuni qurollarini topshirib, hukumatga taslim bo‘ldi.