Iqtisodiyot | 14:39 / 02.08.2016
8833
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning isyon tufayli ko‘rgan iqtisodiy zarari hisoblab chiqildi

Turkiya iqtisodi mamlakatda ro‘y bergan harbiy davlat to‘ntarishiga urinish tufayli 300 mlrd lira (100 mlrd dollar) miqdorida zarar ko‘rgan. Bu haqda mamlakat Savdo va Bojxona ishlari vaziri Bulent Tufenkchining ma'lumotiga asoslanib Hurriyet Daily News xabar tarqatdi.

"Agar biz yo‘q bo‘lgan barcha harbiy samolyotlar, vertolyotlar va qurollar, hamda tartibsizliklar vaqtida shikast yetgan binolarni qo‘shadigan bo‘lsak, dastlabki hisoblarga ko‘ra zarar miqdori kamida 300 mlrd lirani tashkil qiladi", degan vazir.

U bu raqamlar sayyohlik sohasidagi pasayish tufayli ortishi ehtimolini istisno etmagan.

Uning qayd etishicha, mamlakat bozori "qiyin sinov"ni boshdan kechirmoqda: Isyon juma kuni kechqurun ro‘y bergan, lekin barcha banklar dushanba kuni ochilgan va fond birjasi ko‘rsatkichlari kamayib ketgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda harbiy to‘ntarishga urinish oqibatida xorijdan ko‘plab buyurtmalar bekor qilindi, sayyohlar esa Turkiyaga tashrif qilishni bosh tortdi.