BMT Donbassdagi ziddiyatlar tufayli halok bo‘lganlar hisobini keltirdi
Ukraina sharqida ixtiloflar boshlanganidan beri, 2014 yilning aprelidan 2016 yilning 31 iyuliga qadar o‘tgan muddatda 9 553 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Ukrainada inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan tayyorlangan ma'ruzasida ma'lum qilingan.
«2014 yilning aprel oyi o‘rtalaridan 2016 yilning 31 iyuliga qadar Ukraina sharqidagi mojaro hududida fuqarolar, Ukraina qurolli kuchlari va qurolli tuzilmalar a'zolaridan 9553 kishi halok bo‘lib, 22 137 kishi jarohatlangan, jami 31 690 kishi jabrlangan», — deyiladi mazkur hujjatda.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Ukraina sharqidagi ixtilof hududida 3 millionga yaqin kishi istiqomat qilmoqda: 2,7 million kishi qurolli tuzilmalar nazorati ostidagi, 200 ming kishi esa Ukraina hukumati nazoratidagi hududlarga tutash manzillarda.