O‘zbekiston | 18:12 / 03.08.2016
4535
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida bir qator elektr tarmoqlari modernizatsiya qilindi

Surxondaryo viloyatida «Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturi» doirasida «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasining Surxondaryo hududiy bo‘limi tomonidan belgilangan nazorat ishlari olib borilmoqda. Bu haqda «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Surxondaryo viloyatining tog‘li hududida joylashgan Uzun tumanidagi Karsh qishlog‘ini elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, 14,5 kilometr uzunlikdagi yuqori va past kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i qurilib, quvvati 250 kVA bo‘lgan komplekt transformator punkti o‘rnatildi.

Denov tumanidagi Shar-Shar qishlog‘ini elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun 120 dona ustunlar o‘rnatilib, 4,5 kilometr uzunlikdagi past va yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i qurildi hamda quvvati 100 kVA bo‘lgan komplekt transformator punkti o‘rnatildi.

Muzrabod tumani iste'molchilarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash, uzilish va avariyalarni oldini olish maqsadida ma'naviy eskirgan, uzunligi 8,2 kilometr bo‘lgan past kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i rekonstruksiya qilinib, yaroqsiz holga kelib qolgan 167 dona ustunlar yangisiga almashtirildi hamda zamonaviy izolyatsiyalangan «SIP» turdagi simlar tortildi.

Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan Yengil sanoat kasb-hunar kolleji elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida uzunligi 1,7 kilometr bo‘lgan yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i qurildi.

110/10 kVli «AMU-1» podstansiyasida yaroqsiz holga kelib qolgan kuch transformatorini «Chirchiq transformator zavodi»da ishlab chiqarilgan quvvati 63 000 kVA bo‘lgan kuch transformatoriga almashtirilishi hisobiga qishloq xo‘jaligidagi ekin maydonlarini sug‘orishning elektr energiyasi ta'minoti ishonchliligini ta'minlanishiga erishildi.

Bundan tashqari, viloyat hududlarida qurilib, foydalanishga topshirilayotgan namunaviy uy-joylarning elektr ta'minoti uchun jami 19 dona komplekt transformator punktlari o‘rnatildi, uzunligi 24,47 kilometr bo‘lgan yuqori va past kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari qurildi.