O‘zbekiston | 18:57 / 03.08.2016
10518
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-4 aeroporti loyihasining texnik-iqtisodiy asosi tayyorlandi

KOICA - Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Toshkent xalqaro aeroportining yangi yo‘lovchi terminali (Toshkent-4)ni qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishni yakunladi. Bu haqda, Milliy aviakompaniyaning axborot xizmati xabar qilmoqda. 

Loyiha texnik iqtisodiy asosi joriy yil yanvar-iyul oylarida ishlab chiqilgan. Koreya tomoni hujjatda Toshkent aeroporti va O‘zbekiston aviatsiya sohasining hozirgi holati, rivojlanish istiqbollarini baholab, «Toshkent-4» xalqaro yo‘lovchi terminalini barpo etish dasturini tayyorlagan.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan anjumanda, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Botir Zokirov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Kvon Yon U, KOICA va ushbu loyihaga jalb etilgan Koreya kompaniyalari konsorsiumi vakillari, shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi rahbariyati va mutaxassislari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari qatnashgan. 

O‘zbekiston hukumati rejasiga ko‘ra, yangi Toshkent-4 aeroporti eskirgan Toshkent-2 aeroportini almashtirishi va Markaziy Osiyodagi bog‘lovchi aeroportga aylanishi kerak.