Jahon | 14:59 / 03.08.2016
14550
1 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda rossiyalik harbiy o‘ldirildi

Tojikistonning Xatlon viloyati, Qo‘rg‘ontepa shahri hududidagi Rossiya 201-harbiy bazasi polki katta serjanti o‘ldirildi. Bazadagi manbaning xabar berishicha, hodisa maishiy xarakterga ega bo‘lib, rossiyalik harbiy restorandagi janjal oqibatida halok bo‘lgan.

Hodisa 31 iyul kuni oqshomida ro‘y bergan.

"Janjal yuzaga kelib, og‘ir oqibat bilan tugagan. Tojikiston huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda tekshiruvlar boshlangan. Qotilga oid ma'lumotlar tez orada ma'lum qilinadi", degan manba.

"Aziya-Plyus" bergan xabarga ko‘ra, 40 yoshda bo‘lgan katta serjant Aleksey Buyenkov hodisa qurboniga aylangan.

201-harbiy baza - Rossiyaning mamlakat chegaralaridan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasi bo‘lib, u Dushanbe va Qo‘rg‘ontepa shaharlari oralig‘ida joylashgan. 2012 yilning oktabrida tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, birlashma Tojikistonda 2042 yilgacha qoladi.