Jahon | 22:29 / 08.08.2016
3773
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikada "Erl" bo‘ronidan halok bo‘lganlar soni 41 nafarga yetdi

Foto: news.yesk

Meksikaning uchta shtatida "Erl" tropik bo‘ronidan halok bo‘lganlar soni 41 nafarga yetdi, ulardan 18 nafari balog‘atga yetmagan bolalar bo‘lgan, deb ma'lum qildi mamlakat hukumati.

Eng ko‘p qurbonlar Puebla shtatida bo‘ldi – 29 kishi, yana 11 kishi Verakrusda va bir kishi Idalgo shtatida halok bo‘lgan. Odamlar asosan yomg‘irlar oqibatida sodir bo‘layotgan ko‘chkilar ostida halok bo‘lmoqdalar. Mutaxassislarning fikricha, bo‘ron hukm surayotgan bir necha kun ichida mamlakatga 2014-2015 yillar davomida yopirilgan 10 ta to‘fondan ko‘proq odam o‘lgan. O‘sha yillari qurbonlar soni 33 kishini tashkil qilgandi. 

Mamlakat mudofaa vazirligi jabr ko‘rgan hududlar aholisiga yordam ko‘rsatish, halok bo‘lganlarning jasadlarini qidirish bo‘yicha maxsus rejani amalga oshirmoqda.

Meksika prezidenti Enrike Penya Neto halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi va jabr ko‘rgan aholi puntlari va odamlarga federal hukumat tomonidan yordam ko‘rsatilishi davom ettirilishiga va'da berdi.

Bu orada Meksika milliy meteorologik xizmati mamlakatga yangi "Xaver" bo‘ronining yaqinlashayotganidan ogohlantirdi. Bu bo‘ron Xalisko, Nayarit, Sinaloa va Quyi Kaliforniya shtatlariga yopiriladi va bu yerlarda qattiq yomg‘irlar yog‘ishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish