Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
1945-yili o‘g‘irlangan «Mersedes» 7 mln yevroga sotiladi
Bonhams kimoshdi savdo uyi 1935-yilda ishlab chiqilgan hamda ittifoqchi qo‘shinlar tomonidan 1945-yili o‘g‘irlanib, Germaniyadan olib chiqib ketilgan Mercedes-Benz 500K Special Roadster mashinasini sotuvga qo‘ydi. Ushbu ajoyib avtomobil besh milliondan yetti million yevrogacha sotilishi mumkinligi aytilmoqda.

Rodster nemis sanoatchisi Hans Primga tegishli bo‘lib, Ikkinchi jahon urushidan keyin, mashinasini o‘zining shahar tashqarisidagi qasriga yashirib qo‘ygan bo‘lgan. Prim hibsga olinib, qamoqqa tashlangan, uning «Mersedes»ini amerikalik askarlar topib olishib, AQShga olib chiqib ketishgan.
2011-yili rodsterni niderlandiyalik avtomobil kolleksioneri Frans van Xare 3,7 million dollar evaziga sotib olgandi. Shundan so‘ng, van Xare uni Germaniyaning Essen shahrida bo‘lib o‘tgan klassik mashinalar ko‘rgazmasiga olib borgan, mahalliy hukumat esa, «Mersedes»ga egalik qilish huquqining qonuniyligiga shubha qilib, transport vositasini musodara qilgandi.

2012-yili van Xare va Prim oilasi vakillari o‘rtasida sud tortishuvi bo‘lib o‘tgan. Hamburg sudi esa, ittifoqchi qo‘shinlar avtomobilga noqonuniy egalik qilishgani to‘g‘risida qaror chiqargan hamda mashinani o‘z egasining yaqinlariga taqdim etgan.
Mercedes-Benz 500K rusumli rodster 1934-1936 yillarda ishlab chiqilgan. Unga besh litrli, bir qatorli sakkiz silindrli motor o‘rnatilgan bo‘lib, 160 ot kuchiga ega. Ushbu mashinadan «rodster» kuzovida jami 28 ta ishlab chiqilgan.

Mercedes-Benz 500K Special Roadster savdosi 3-sentabr kuni Fransiyaning Shantiyi shahrida bo‘lib o‘tadi.
