Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saudiya Arabistonida viza narxi 6 marta qimmatlashadigan bo‘ldi
Saudiya Arabistonida neftdan olinadigan daromadning kamayib ketgani sababli barcha rasmiy yig‘im turlari, jumladan viza yig‘imi narxi ancha oshadigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda "Interfaks" axborot agentligi.
Saudiya Arabistonining yarim yillik ko‘p marotabalik vizasi narxi deyarli 6 barobarga, ya'ni 3 ming saudiya rialigacha (800 dollar) qimmatlashadi. 2 oyga mo‘ljallangan bir marotabalik viza narxi esa 2 ming rial va har bir qo‘shimcha oyga yana 100 rialni tashkil qiladi.
Tegishli o‘zgarishlar 3 oktabrdan – hijriy taqvim bo‘yicha yangi yildan kuchga kiradi. Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni hukumati mamlakatga haj va umra amallarini ado etgani birinchi marta kelayotganlarga vizani to‘lab berishga tayyorligini bildirgan.
Saudiya Arabistonida ishlaydigan xorijliklar uchun viza ham qimmatlashadi: mamlakatga kirish-chiqish uchun ikki yil mo‘ljallangan ko‘p marotabalik viza 8 ming rial (2133 dollar) turadi. Saudiya Arabistoni Markaziy banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil oxirida mamlakatning xususiy sektorida 8,9 mln xorijlik ishlagan. Mamlakatning umumiy aholisi soni esa 31 mln kishini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik va shitlarda reklama joylashtirganlik uchun jarimalar ancha oshadi. Shuningdek, hukumat kommunal xizmatlar narxini oshirmoqchi va davlat xizmatchilari sonini kamaytirmoqchi.
2015 yil oxiriga ko‘ra Saudiya Arabistoni byudjyeti defitsiti rekord darajadagi 98 mlrd dollarni tashkil qilgan.