Qirg‘izistonlik berahm ona qizini o‘ldirgani uchun sudlandi
Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi sudi o‘z qizini bo‘g‘ib o‘ldirgan qirg‘izistonlik ayolni uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda Rossiya OAV xabar bermoqda.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 27 yoshli qirg‘izistonlik muhojir ayol turmush o‘rtog‘i va 2 nafar kichik yoshli farzandi bilan 2015 yilda Krasnoyarskka ko‘chib o‘tgan. Erkak taksi xizmatiga ishga kirgan, ayol esa uyda bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullangan.
Ayol 4 yoshli kichik qizi bilan qattiqqo‘l muomalada bo‘lgan, uni bo‘lar-bo‘lmasga urshavergan, kaltaklagan. Ayolning qo‘shnilari qizchada mamataloq izlarini payqashgan, xonadondan muntazam ravishda bola yig‘isi va chinqirig‘i ovozlari kelayotganini eshitishgan. Bularning barchasi zarbalar ovozi bilan kechgan.
O‘tgan yil dekabrda ayol o‘z qizini juda qattiq do‘pposlagan. Shundan keyin berahm ona qizining bo‘ynini ezib, og‘zini yopib, u nafas olishdan to‘xtaguncha bo‘g‘gan. Ekspertiza qizcha tanasining turli joylariga noma'lum to‘mtoq buyum bilan urilgan 40 taga yaqin zarba izini aniqlagan.