Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu yong‘indan jabr ko‘rgan Madeyra aholisiga moliyaviy yordam taklif etdi
«Real» jamoasining portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronaldu Portugaliyaning Atlantika okeanidagi Madeyra orolida o‘rmon yong‘inlaridan jabrlanganlarga ko‘mak berishni va'da qildi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida shu haqida ma'lum qilgan.
Qayd etish kerakki, Ronaldu aynan shu orolda tug‘ilib o‘sgan.
U bu borada mahalliy hukumat rahbari Migel Albukerka bilan suhbatlashgan va moliyaviy ko‘mak taklif qilgan.
Futbolchi orol aholisi uchun aynan qancha miqdorda mablag‘ ajratmoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan, orol ma'muriyati esa ko‘rsatiladigan mablag‘ tabiiy ofat talofatlarini qoplash uchun yetarli bo‘lishiga umid qilmoqda.
«Madeyrada bo‘layotgan hodisalardan qayg‘udaman. Barchaga kuch tilab qolaman. Boshqalarni qutqarish uchun o‘z hayotini tahlikaga qo‘yayotgan o‘t o‘chiruvchilarga rahmat. Men sizlar bilan birgaman!» — deb yozdi futbolchi Instagram sahifasida.
3 kundan buyon Madeyra yong‘in ichida qolgan. Yong‘inlar oroldagi Funshal shahrini ham qamradi. Hozircha yong‘inni bartaraf etishning imkoni bo‘lmadi, shu vaqtgacha bir qancha tarixiy obidalarni olov yutgan.
Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshtaning ma'lum qilishicha, shu vaqtgacha yong‘inlar tufayli qurbon bo‘lganlar soni 4 nafarga yetdi, 300dan ortiq kishi jabrlangan.
Yong‘in tufayli hududdagi aeroport faoliyatida ham uzilishlar ro‘y bermoqda.
Manba: Tribuna.uz