Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avstraliya chegarachi va bojxonalar ishga chiqishmadi
12-avgust kuni Avstraliya xalqaro aeroportlarida katta tirbandliklar kuzatilmoqda. Bunga, yarimtundan e'tiboran boshlangan chegarachilar va bojxona xodimlarining ish tashlashi sabab bo‘layapti.
Bugun mahalliy vaqt bilan soat 12:15da Sidney aeroportida jiddiy vaziyat yuzaga kelgan. Shu bois, Kraystcherch, Shanxay, Dehli, Oklend (ikkita reys), Los-Anjyeles, Vankuver, Hongkong, Manilu (ikki reys), Yohannesburg, Santyago, San-Frantsisko va boshqa qator tranzit reyslarning kelish vaqti o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, Melburn, Brisben, Adelaida va boshqa shaharlardagi xalqaro aeroportlardagi holatlar borasida ham shu kabi xabarlar mavjud.
Yo‘lovchilar nazorat-o‘tkazuv punktlarida uzun navbatda turayotgani sababli o‘z reyslariga ulgurishmayapti. Agronazorat xizmati xodimlari ham chegarachilar va bojxonachilar bilan birdamligini namoyish etish maqsadida, kun davomida bir soat ishlarini to‘xtatishadi.
Ish tashlayotganlar hukumatning ikki yildan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan ish haqi va tovon pullari miqdorini oshirish bo‘yicha muzokaralardagi qarashini o‘zgartirishga urinishmoqda.
"Bizning (mamlakat hukumati bilan) muzokaralarimiz mana salkam uch yildan beri davom etadi, ammo bosh vazir Malkolm Ternbull muammoni hal etish uchun biron choraga qo‘l urgani yo‘q", - deydi Avstraliya davlat xizmatchilari kasaba uyushmasi (CPSU) kotibi Nadin Flad.
Uning aniqlik kiritishicha, kasaba uyushmasining "xalqaro aeroportlardagi razvedka va aksilterror masalalari bilan shug‘ullanuvchi a'zolari ish tashlamaydi".
"Mazkur ish tashlash yo‘lovchilar xavfsizligiga ham hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi", - deb ta'kidlagan CPSU kotibi.