Jamiyat | 10:54 / 12.08.2016
11067
3 daqiqa o‘qiladi

“Istiqlol farzandlari” yoshlar festivalining ikkinchi kun tadbirlari yakunlandi

“Istiqlol farzandlari” yoshlar festivalining asosiy kunida ishtirokchilar Mustaqillik va ezgulik monumenti “Baxtiyor ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi. O‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘lagan yoshlar Ona siymosiga ta'zim bajo keltirar ekan, shu aziz Vatanning tinchligi-yu osoyishtaligiga, barqarorligi-yu musaffoligiga birdek mas'ul ekanliklarini yana bir bor teran anglashdi. Mamlakatimiz bosh maydonidan o‘rin olgan Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati, Moliya vazirligi binolari, shuningdek, xotira maydoni ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Festival ishtirokchilari uchun eng kutilmagan tuhfa Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida tashkil etilgan uchrashuvlar bo‘ldi. Mazkur uchrashuvlar yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshiribgina qolmay, balki ularni kelajakka daxldorlik hissini yanada kuchaytirdi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishuv hamda yoshlar uchun samimiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Shuningdek, parlamentning yuqori palatasida ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda iqtidorli yoshlar Oliy Majlis Senati a'zosi, Senatning Fan, ta'lim va sport masalalari qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova hamrohligida Oliy organni sayr etishdi.

Har bir davlatning intellektual salohiyati, avvalo, uning yoshlariga qaratilayotgan e'tibori bilan baholandi. Bugun "Baxtli bolalar mamlakati" deya e'tirof etilayotgan O‘zbekiston yoshlariga qilinayotgan g‘amxo‘rlik tahsinga loyiq. “Kamolot” yoshlar ijod saroyida "O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati" mavzuida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar ayni shu masalalarga bag‘ishlandi. 

Seminarda "Kamolot" YoIH Markaziy Kengashi raisi Bahodir G‘aniyev, yosh olim, adabiyotshunos, tarjimon Shuhrat Sattorovlar bilan yoshlarning ochiq muloqoti tashkil etildi. 

Tadbirda ta'kidlandiki, O‘zbekiston istiqlolning ilk yillarida, bundan 25 yil oldin o‘ta og‘ir bir paytda "O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati asoslari to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilindi. Bu bejizga emas albatta. Mamlakat kelajagiga mustahkam poydevor qo‘yilgandagina uning taraqqiyoti barqaror bo‘ladi. 

Seminar davomida Harakatning har bir yo‘nalishi bo‘yicha yoshlarga oid davlat siyosatini tahlil etishga qaratilgan taqdimot ham bo‘lib o‘tdi.
Kun so‘ngida festival ishtirokchilari uchun Kinochilar uyida “Oyqiz ertagi” filmi ijodkorlari bilan uchrashuv va film namoyishi hamda “Istiqlol farzandlari” maxsus tok-shousi tasvirga olindi.  Festivalning ikkinchi kuni shu tarzda yakunlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish