O‘zbekiston | 18:27 / 16.08.2016
4638
2 daqiqa o‘qiladi

2016 yilda Toshkentdagi 341 kichik transformator nimstansiyasi kapital ta'mirlandi

Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida  yuqori voltli elektr uzatish liniyalari va taqsimlash punktlarini  ta'mirlash hamda modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati aholi o‘rtasida energiyani tejash, zamonaviy elektr hisoblagichlardan foydalanish samaradorligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 


Ayni paytda Toshkentdagi 595 mingdan ziyod jismoniy va 18 mingdan ziyod yuridik iste'molchi shahar elektr ta'minoti tarmoqlariga ulangan. Tarmoqlar modernizatsiya qilinib, eskirgan elektr uzatish simlari yangisiga almashtirilmoqda, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini oshirishga doir ishlar amalga oshirilmoqda. 

Joriy yilda Toshkentdagi 341 kichik transformator nimstansiyasi kapital ta'mirlandi, ishga yaroqsiz bo‘lgan stansiyalar yangilandi, 41,6 kilometrlik elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 94 tarmoq transformatori ta'mirlandi.

Balans «nul» bo‘lgan holatda markaziy elektr ta'minotiga ulash va o‘chirish to‘liq avtomatlashtirilgan. Masalan, Bektemir tumanida zamonaviy yangi tizim muvaffaqiyatli joriy etilgani samarasida foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomi yuksalib, iste'molchilarning qarzdorlik darajasi kamaygan.

Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash minglab kishilarning mashaqqatli mehnati samarasidir. Undan oqilona foydalanish orqali biz nafaqat o‘zimiz, balki mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga hissa qo‘shamiz.