Gulchehra Nurudinova: O‘g‘limning g‘alabasi butun O‘zbekiston g‘alabasidir
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston vakili Ruslan Nurudinov vazni 105 kilogrammgacha bo‘lgan og‘ir atletikachilar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritdi va Olimpiada chempioni degan sharafga sazovor bo‘ldi. Shu munosabat bilan andijonliklar erta tongdan Ruslan tug‘ilib o‘sgan Xonobod shahridagi Istiqlol mahallasiga kela boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.
Chempionning xonadoniga Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamrohligida bir guruh jamoatchilik vakillari kelib, uning oila a'zolarini qutlaganida Ruslanning onasi, Xonobod shahar markaziy poliklinikasi hamshirasi Gulchehra Nurudinova shunday dedi:
«Farzandi kamolini, baxtu saodatini ko‘rish ona uchun eng ulug‘ baxt. Uning ortidan olqishlar olish, Vatanga xizmati uchun butun eldan rahmatlar eshitishning quvonchini ta'riflab berolmayman. O‘g‘limning g‘alabasidan butun O‘zbekiston xalqi faxrlanayotganini ko‘rib boshim ko‘kka yetmoqda. O‘g‘lim bolaligida mana, ko‘rasiz aya, men albatta jahon va Olimpiada chempioni bo‘laman, derdi».
«O‘g‘limning Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabasi uni voyaga yetkazgan, tarbiyalagan, iste'dodini yuzaga chiqargan mustaqil O‘zbekiston g‘alabasidir», — qo‘shimcha qildi u.
Ruslan Rio Olimpiadasiga yo‘l olishdan avval 92 yoshli buvisi Shamsinur momoning duosini olgan edi.
«Nabiram men dunyodagi eng katta sport musobaqasiga ketyapman, momo, menga duo bering, oq yo‘l tilang. Men albatta g‘olib bo‘laman, sizlarning, Prezidentimizning ishonchini oqlayman dedi, — eslaydi Shamsinur momo. — Nabiram so‘zining ustidan chiqdi».