Jahon | 15:39 / 16.08.2016
9007
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiya samolyotlari IShIDga zarba berishda Eron aerodromidan foydalanishni boshladi

Rossiya mudofaa vazirligi Tu-22M3 va Su-34 jangovar samolyotlarining Eronda joylashganini tasdiqladi. Bu haqda, vazirlik matbuot xabarnomasida so‘z yuritilgan. 

Qayd etilishicha, Rossiya samolyotlari Eronning Hamadon aerodromidan parvoz qilib, IShIDning Suriyadagi marralariga zarba berishga ham ulgurgan. 

«2016-yil 16-avgust kuni Tu-22M3 bombardimonchi va Su-34 front bombardimonchi samolyotlari to‘liq qurollangan holda Eron Islom Respublikasidagi Hamadon aviabazasini tark etib, IShID va «Jabhat an-Nusra» terrorchilik tashkilotlarining Halab, Dayr-az-Zob hamda Idlib viloyatlaridagi hududlariga havo zarbalari berdi», — deyiladi vazirlik xabarida. 

Ta'kidlanishicha, raketa zarbalari qurol-aslahalar, o‘q-dorilar va yoqilg‘i-moylash omborxonalariga berilgan. Bundan tashqari, Serakab, Al-Bab, Halab va Dayr-az-Zordagi jangarilar tayyorlash lagerlari ham nishonga olingan.

Avvalroq, Hamadon aviabazasiga Rossiya harbiy kosmik kuchlari samolyotlari yetib kelgani xabar qilingan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish