Light | 13:45 / 30.08.2016
16005
2 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘il Altsgeymer kasalligiga chalingan otasiga yordam berishning ajoyib yo‘lini topdi

Buyuk britaniyalik 80 yoshli Ted MakDermott anchadan beri Altsgeymer kasalligi (miya faoliyatining so‘nishi) bilan kurashadi. U har doim ham yaqinlarini tanimasa-da, o‘zini tutishi yaxshi. Tedning xotirasi qisman bo‘lsa-da saqlanib qolishi uchun uning o‘g‘li Mak buning oddiy, lekin amaliy yo‘lini topdi.

Gap shundaki, Ted yoshligida professional qo‘shiqchi bo‘lgan, u turli klublarda konsertlar berib, mamlakat bo‘ylab sayohat qilgan. U shu qadar ko‘p qo‘shiqni yoddan bilganki, muxlislari unga The Songaminute Man ("Janob Bir daqiqada qo‘shiq") deya nom berishgan.

Oila qurganidan so‘ng Ted fabrikaga ishga kirdi, lekin qo‘shiq aytishni to‘xtatmadi. Makning so‘zlariga ko‘ra, otasi bo‘sh vaqtida doim konsertlarda ishtirok etgan. 

Kasallik uni kuylash imkoniyatidan mahrum qila olmadi va aynan mana shu jihat qariyaning o‘g‘liga ajoyib g‘oya kelishiga sabab bo‘ldi. Mak o‘ylab topgan davolash usuli shundan iboratki, ota va o‘g‘il hamma joyda - uyda, mashinada yoki radio tinglab, qo‘shiq xirgoyi qilishadi. 

Kuylash keksa qo‘shiqchining o‘zini yaxshi his qilishiga yordam beradi va xotirasiga ham ijobiy ta'sir qiladi. Shunisi quvonarliki, Ted sevimli qo‘shiqlarining so‘zlarini hanuz unutmagan!

Mak MakDermott nafaqat otasi, balki shunday muammoga duch kelgan boshqa kishilarga ham yordam berishga qaror qildi. Jamiyatning diqqatini jalb qilish uchun Mak otasi bilan qo‘shiq kuylayotganini tasvirga tushirdi. 

Ana shunday videolardan birini ko‘rib, mehr-muhabbat, g‘amxo‘rlik va musiqa haqiqiy mo‘'jiza yaratishi mumkinligiga ishonch hosil qiling. 

Mavzuga oid