Iqtisodiyot | 20:46 / 07.09.2016
17541
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zekspomarkaz”da to‘qimachilik texnologiyalari ko‘rgazmasi ochildi

“O‘zekspomarkaz”da “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2016” hamda “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2016” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi. 

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, Savdo-sanoat palatasi, “Osiyo ramzi” O‘zbekiston modelerlar va dizaynerlar uyushmasi ko‘magida “ITE-Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etildi. 

Istiqlol yillarida yengil sanoat mamlakatimiz makroiqtisodiyot kompleksida munosib o‘rin egalladi. O‘tgan davrda sohaga kiritilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2 milliard 500 million dollarni tashkil etib, bu uch yuzga yaqin yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish imkonini berdi. “Yanguan Korporeyshn”, “Tekstil Texnolojis Grup” (Janubiy Koreya), “Indorama Korporeyshn”, “Verigrov” (Singapur), “Riter”, “Sviss Kepital” (Shveytsariya), “Toyota Tsusyo Korporeyshn” (Yaponiya) va boshqa o‘nlab xorijiy kompaniyalar mamlakatimiz yengil sanoati tarmog‘ining faol ishtirokchilaridir. 

Yangi korxonalarni ishga tushirish, mavjud quvvatlarni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, yangi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlar ishlab chiqarish hajmini muttasil oshirib borish imkonini bermoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini qayta ishlash hajmi istiqlolning dastlabki yillaridagiga nisbatan 7 barobar ortgani buning yaqqol dalilidir. 

Mustaqillik yillarida eksport hajmi 140 barobar o‘sib, geografiyasi kengayib bormoqda. Mahsulotlar MDH hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Lotin Amerikasi davlatlari, AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Eron va Isroil singari an'anaviy bozorlar bilan bir qatorda Pokiston, Gruziya, Xorvatiya, Nigeriya kabi yangi bozorlarga ham yetkazib berilmoqda. 

O‘ninchi “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2016” va o‘n uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2016” xalqaro ko‘rgazmalari ishtirokchilari keng tarkibi mazkur ko‘rgazmalarni MDH va Markaziy Osiyodagi eng e'tiborli ekspozitsiyalardan biriga aylanganidan dalolat beradi. Joriy yilgi ko‘rgazmalarda Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Belarus, Belgiya, Hindiston, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Ruminiya, Turkiya, Shveytsariya kabi 22 davlatdan ikki yuz yetmishdan ziyod kompaniya zamonaviy texnologiyalari hamda mahsulotlarini namoyish etmoqda. 

Mamlakatimiz tadbirkorlik sub'yektlariga dunyo to‘qimachilik sanoatiga tatbiq etilayotgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish hamda tajriba almashish borasida qulay maydonga aylangan “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME” ekspozitsiyalari ishtirokchilar bilan gavjum. Ko‘rgazmaning yigiruv uskunalari, kalavalash mashinalari, to‘qimachilik, tikuv, bo‘yash va pardozlash uskunalari bo‘limlarida to‘quv uskunalari, bosish mashinalari, paypoq avtomatlari, kompressorlar, tikuv ignalari, sifatni nazorat qilish tizimlari, to‘quvchilikda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar, buyoqlar singari ishlab chiqarish jarayoni uchun zarur jihoz va ashyolar namoyish etilmoqda. 

“CAITME 2016” ko‘rgazmasida yetmishdan ziyod kompaniya ilk bor ishtirok etmoqda. “Beck GmbH” (Germaniya) to‘quv kalavalash uskunalari, “Ima Spa” (Italiya) bichuv sexlari, “Dalgakiran” (Turkiya) va “Atlas Copco” (Qozog‘iston) kompressorlari tashrif buyuruvchilar e'tiborini tortmoqda. 

– O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati izchil rivojlanmoqda, – deydi “Beck GmbH” kompaniyasi bosh menejyeri Oliver Bek (Germaniya). – Mamlakatingizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bugun dunyo bozoridagi o‘rnini tobora mustahkamlab, raqobatbardoshligi oshib bormoqda. Maqsadimiz, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish orqali sifatli va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘z hissamizni qo‘shishdir. 

Janubiy Koreya to‘qimachilik mashinasozligi tadqiqoti instituti (KOTMI) tomonidan yagona milliy stendga jamlangan Janubiy Koreya kompaniyalarining zamonaviy uskunalari ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda “Worldro”, “Bookwang”, “Leewha”, “Samhwa Machinery”, “Ceratrak”, “DND Machinery”, “Wolrd F.L.Y” singari tabiiy va sun'iy tolalarni qayta ishlash bo‘yicha uskuna va butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar stendlari o‘rin olgan.

An'anaga muvofiq “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2016” ko‘rgazmasi stendlarida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining eksportga mo‘ljallangan yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari keng namoyish etilmoqda. Ekspozitsiyada ichki va tashqi bozorlarda o‘zining doimiy mijozlariga ega “Uztex Group”, “Osborn Textile”, “Alkim Tekstil”, “Namangan momiq sochiqlari”, “Orange textile”, “Bofanda”, “Kortex Socks” singari korxonalar bilan bir qatorda “Lorin Textile”, “Ideal Textile Group”, “Orzu-tex”, “Di-ixlos” va boshqa ishlab chiqaruvchilar ilk marotaba qatnashmoqda.

– “ThisOne” savdo belgisi bilan keng turdagi bolalar, ayollar va erkaklar liboslari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi “ThisOne” mas'uliyati cheklangan jamiyati bo‘lim boshlig‘i Zulfizar Jumaniyozova. – Ishlab chiqarish jarayonlariga malakali mutaxassislar jalb etilgani, zamonaviy texnologiyalarning keng foydalanilayotgani samarasida mahsulotlarimiz bozorda o‘zining mustahkam o‘rniga ega. Bugungi ko‘rgazmalarda stendlarimizga katta qiziqish bildirilayotgani rejalarimiz muvaffaqiyatli amalga oshishiga ishonchimizni mustahkamlamoqda.

“To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2016” va “To‘qimachilik sanoati – Textile Expo Uzbekistan 2016” xalqaro ko‘rgazmalari zamonaviy texnologiyalarni sohaga keng jalb etish hamda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini yangi bozorlarga chiqishini rag‘batlantirib, pirovardida, yengil sanoat tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Mavzuga oid