Jahon | 18:09 / 14.09.2016
12010
6 daqiqa o‘qiladi

AQShda prezidentlar salomatligi sir tutilganmi? 

2001 yilning 11 sentabrida yuz bergan dahshatli terror hujumlarining qurbonlari xotirasini yodga olish marosimida navbatdagi prezidentlik saylovlari asosiy nomzodlaridan biri Hillari Klinton hushini yo‘qotgani bois yiqilib tushdi. Qayd etish kerakki, aslida 68-yoshli Klinton xonimning sog‘lig‘i bilan bog‘liq mish-mishlar ancha oldin paydo bo‘lgandi. 

Uning tarafdorlari esa, bunga unchalik ham ahamiyat qaratishmadi. Biroq, yakshanba kungi hodisa ko‘pchilikni sergak torttirdi. Endilikda demokratik partiya vakillari “Nima uchun Klintonga saylovlarda qatnashish uchun ruxsat berildi?”, “Nima uchun uning kasalligi ochiq aytilmadi?” kabi o‘rinsiz savollarga javob topishga majbur bo‘ladiganga o‘xshaydi. 

Ayni damda AQShda prezidentlika nomzodlarning salomatligi bilan bog‘liq masala birinchi o‘ringa chiqdi. Shuni ta'kidlash kerakki, AQSh tarixida prezident va prezidentlikka nomzodlarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq masala bir necha bor dolzarb siyosiy muammolardan biriga aylangan edi. Eng demokratik mamlakat sifatida talqin qilinadigan AQShda ham ayrim xollarda siyosiy arboblarning sog‘lig‘i jamoatchilikdan sir tutilgan. 

1919 yilning oktabr oyida AQSh Millatlar Ligasiga a'zo bo‘lib kirishi bilan bog‘liq kampaniya avj olgan bir vaqtda prezident  Vudro Vilson og‘ir insultni boshidan kechiradi va amalda ishlash qobiliyatini yo‘qotadi. Biroq, hukumat a'zolaridan hech kimga prezident vazifasini bajarish yuklatilmadi. Buning samarasi natijasida Vilson vakolati tugangunga qadar, ya'ni 1921 yilgacha prezident vazifasini bajarib turdi. Keyinchalik, to‘g‘rirog‘i, 1967 yilda AQSh Kongressi Konstitutsiyaga 25-tuzatishni kiritdi. Bu tuzatishga ko‘ra, davlat rahbari o‘z vazifasini bajara olmagan taqdirda, uning vakolatlarini vitse-prezident bajarib turadigan bo‘ldi.

1921 yilda 39 yoshli Franklin Delano Ruzvelt shol (poliomiyelit) kasalligiga chalinadi va nogironlar kreslosiga o‘tirib qoladi. Ammo shunga qaramay siyosatchi kasalligini ommadan sir tutishga urinadi va yordamchisi yoki farzandlaridan birining ko‘magida jamoatchilikka oyoqda turgan xolda ko‘rinishga urinadi. 1944 yilda Ruzveltga ateroskleroz, qon bosimi ko‘tarilishi, stenokardiya va yurak xastaligi tashxisi qo‘yiladi. O‘sha yili bo‘lib o‘tgan saylov kampaniyasi davrida prezidentning salomatligi bilan bog‘liq mish-mishlar inkor qilindi, Ruzveltning o‘zi esa matbuotga bosim o‘tkazishga urindi. 1945 yilning 12 aprelida prezident bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib, hushini yo‘qotdi. U o‘sha kuni bosh miyaga qon quyilishi tufayli  vafot etdi. 

AQShning 34-prezidenti Duayt Devid Eyzenhauer ham o‘zining hukmdorligi yillarida bir necha bor sog‘liq masalasida muammolar bilan to‘qnash keldi. 1955 yilning o‘zida u olti hafta mobaynida yurak xuruji tufayli shifoxonada davolandi. Bir yildan keyin esa, oshqozon ichak shamollashi tufayli jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. 1957 yil so‘nggida Eyzenxauer insultni boshidan kechirgani bois ma'lum vaqt tildan qoldi. Shunga qaramay 1961 yilga qadar prezident vazifasida qolaverdi. 

Prezident Jon F. Kennedining salomatligi bilan bog‘liq ma'lumotlar uning prezidentligi davrida mutloqo sir saqlangan va u bilan bog‘liq tibbiy ma'lumotlar yaqindagina oshkor etila boshlandi. 2002 yilda e'lon qilingan tibbiy ma'lumotlarga ko‘ra prezident ovqat hazm qilishdagi muaammolar va Addison kasalligidan aziyat chekkani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, u doimiy ravishda bel og‘rig‘idan shikoyat qilgan va keng ommaga ko‘rinishdan avval novokain qabul qilgan. Olimlarning fikricha, Kennedi qabul qilgan dori-darmonlar uning siyosiy qaror qabul qilishiga ta'sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Tarixchilarning fikricha, Kennedi prezident vazifasini bajarayotgan vaqtda 9 marta shifoxonaga yotqizilgan. Biroq bu jaryonlarning hammasi jamoatchilikdan pinhon tutilgan.

69 yoshida AQSh Prezidenti etib saylangan  Ronald Reygan mamlakat tarixidagi eng keksa prezident sifatida tan olinadi. Saylovoldi kampaniyasi davomida ham bir necha bor uning sog‘lig‘i muhokamalar mavzusiga aylangan edi. 1981 yilda prezidentlikka kirishgan R.Reygan bir necha bor jarroxlik amaliyotini boshdan kechirdi. Shunday jarroxlik amaliyotlaridan birida 8 soatlik prezident vakolati vitse-prezident katta Jorj Bushga topshirilganini ko‘pchilik eslasa kerak. Prezidentlikdan ketganidan olti yil o‘tib, Reyganda Altsgeymer kasalligi aniqlandi.

1992 yili Yaponiya bosh vaziri tomonidan uyushtirilgan kechki ziyofat vaqtida prezident katta Jorj Bush hushini yo‘qotib, yiqilib tushdi. Bu jarayon telekameralarda muhrlangan. Keyinchalik prezident vakillari Jorj Bush gripp bilan og‘riganini  ma'lum qildi. 

Sharofiddin To‘laganov / Tnews.uz

Mavzuga oid