Jamiyat | 09:47 / 19.09.2016
40030
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda turarjoy binosining bir qismi qulab tushdi

2016 yil 10 sentabr kuni Samarqand shahrining «O‘rikzor» mahallasida 131 sonli ko‘pqavatli turarjoy binosi fasad qismining beton qismi qulab tushgan. Bu haqda Samarqand viloyati STV telekanali xabar qilgan.

Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan va kapital ta'mirga muhtoj bo‘lgan uyda 70 oila istiqomat qiladi. Ularning fikricha, uyning avariya holatiga yerto‘lasida doimiy ravishda suv to‘planishi sababdir. Shunga qaramay, mana bir necha o‘n yillardan beri uyda kapital ta'mirlash o‘tkazilganini xotirlay olmasliklarini bildirishgan. 

Ularning aytishlaricha, bir kun avval turli xil baland ovozlarni eshitgach, qo‘rqganlaridan ko‘chaga chiqishgan. Bunday ovoz esa, bir necha marta eshitilgan. Aholi hozirda o‘z xonadonlariga kirishdan xavotirlanishmoqda. Garchi fuqarolar kerakli idoralarga xabar qilishgan bo‘lishsa-da, bir necha oydirki muammo hal etilmagan. 

Xabarlarga ko‘ra, binoning bir necha tonnalik devori qulab tushgan yo‘lak bolalarning sevimli o‘yingohi bo‘lgan. Yaxshiyamki, baxtli tasodif tufayli, o‘sha kuni binoning old tomonidagi yagona kirish qismida hech kim bo‘lmagan. Maqola tayyorlanish chog‘ida telekanal vakillari turarjoy fuqarolari bilan bog‘lanishgan. Ularning aytishlaricha, shirkat ta'mirlash ishlarini boshlab yuborgan, ammo kapital ta'mirlash o‘tkazilmasligini bildirishgan. 

Mavzuga oid