Sport | 20:44 / 29.09.2016
11301
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘tgan unifayt bo‘yicha JChda O‘zbekiston vakillari 16ta medal oldi

19–26 sentabr kunlari davomida universal jang (unifayt) bo‘yicha 14–15 hamda 16–17 yoshli o‘smir yigit va qizlar o‘rtasida Rossiyaning Medin shahrida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etgan. Yakunda o‘zbekistonlik kurashchilar 16ta medal olgan va umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin 2-o‘rinni egallagan.

Birinchilikda 24 davlatdan 238 nafar sportchi o‘z omadini sinab ko‘rgan. O‘zbekiston termasi turnirga 9 nafar sportchi bilan borgan. Delegatsiya tarkibidan bosh murabbiy Mehriddin Bakariyev, O‘zbekiston universal jang federatsiyasi raisi Yashnarbek Zokirbekov hamda hakam Abdufattoh Shermatov o‘rin olgan.

O‘zbekistonlik kurashchilar universal jangning «klassik» va «layt» yo‘nalishida 1ta oltin, 12ta kumush va 3ta bronza medalga ega bo‘lgan.

Yusuf Sulaymonov (60 kg, klassika — kumush, layt — bronza);
Asadbek Nematov (55 kg, klassika — kumush, layt — kumush);
Muhamadali Abdurashidov (+80 kg, klassika — kumush, layt — kumush);
Abduqodir Sobirjonov (65 kg, klassika — kumush, layt — bronza);
Quddus Islomov (70 kg, klassika — oltin, layt — kumush);
Shahzod Azamatov (50 kg, klassika — kumush, layt — kumush);
Jahongir Olimov (45 kg, klassika — kumush, layt — bronza);
Sevinchxon Mirxonjonova (55 kg, klassika — kumush, layt — kumush).

Universal jang kuch ishlatiladigan sportning ikkikurash turi sanaladi. Ikkikurashning birinchi turi – maxsus to‘siq chizig‘ini bosib o‘tish. Ikkinchi turi – ringda (klassik) yoki tatamida (layt) jang qilish.

Klassik turda erkin kurash, dzyudo, sambo va kurashning boshqa turidagi usullar qo‘llanadi. Layt turi jangning qattiqqo‘l qoidalari bilan ajralib turadi. Unda harbiylar ishlatadigan qo‘l jangi usullaridan foydalaniladi.

Kurashchilar maxsus shlem va yupqa qo‘lpoqlarda, oyoqlar uchun himoya vositasida, tana qismi himoyalanmagan holda jang olib boradi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish