Sport | 15:29 / 25.10.2016
6185
2 daqiqa o‘qiladi

Marat Safin rossiyalik futbolchilarni o‘lik futbolchilar deb atadi

Jahonning sobiq birinchi raqamli raketkasi, rossiyalik tennischi Marat Safin «Krasnodar» futbolchisi Fedor Smolov va «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorinni keskin tanqid qildi. Bu haqda Eurosport xabar tarqatdi.

«Smolov va Kokorin — maydonning faqat bir tomonida, o‘z jamoasi o‘ynayotgan tomonda yuguradigan futbolchilardir. Avvallari butun o‘yin davomida birdek harakatlana olgan bu futbolchilar endi 15-20 daqiqada yugura olmay qolishmoqda. Shunchaki ularning oyoqlari yugurgisi kelmaydi. Buni nima bilan izohlash mumkin? Jismoniy tayyorgarlikning uquvsizlik bilan o‘tkazilgani. Ular o‘lik futbolchilar. Ularni hech oqlab bo‘lmaydi, ular futbol o‘ynay olishmayapti», — degan sobiq tennischi.

Ikki futbolchi ham Rossiya terma jamoasi safida yozda Fransiya maydonlaridan o‘tkazilgan Yevropa chempionatiga borishgandi. Kokorin va Smolov turnirning guruh bosqichidagi 3ta o‘yinda ishtirok etdi. Bu futbolchilar barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda harakatlansada gol yoki golli pas muallifi bo‘lishmagan. Rossiya terma jamoasi 3 o‘yinda faqat 1 ochko oldi va pley-off bosqichiga chiqa olmadi.

Joriy mavsumda Kokorin «Zenit» bilan barcha turnirlar doirasida 15 uchrashuv o‘tkazdi va 5ta gol urib, 3ta golga assistentlik qildi. Smolov esa «Krasnodar» tarkibida o‘tkazilgan 12 uchrashuvda 11 gol urib, bitta golga pas bergan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish