Iqtisodiyot | 18:02 / 26.10.2016
6374
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tmoqda 

Foto: Kun.uz

Sanoat yarmarkasida “O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar ham faol ishtirok etmoqda. Jamiyatda 2020 yilgacha 40 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali mamlakatimizda energetika salohiyatini yanada mustahkamlash, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash, energiya resurslarini tejash choralari ko‘riladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Amalga oshiriladigan bunday yangilanishlar jamiyat tarkibidagi o‘nlab korxonalarning stendlarida ham o‘z aksini topgan. Misol uchun, “Quyosh issiqlik energiyasi” qo‘shma korxonasi quyosh energiyasida ishlaydigan suv isitish tizimlarini, “Elektr quvvat qurilmalari” qo‘shma korxonasi past quvvatda ishlovchi o‘chirgichlar, “Elektrtarmoqqurilish” korxonasi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari, metall konstruksiyalar, “Savdoenergo” korxonasi elektr energetikasi tizimi xodimlari uchun maxsus kiyimlar taklif qilayotir.

Foto: UzA

– Yarmarkada tarmoq va tarmoqlararo hamkorlik bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz, – deydi “Yorqin chiroqlar” qo‘shma korxonasi bosh direktori  Xayrullo Atamboyev. – Janubiy koreyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan korxonamizda yiliga 2,5 million dona tejamkor elektr lampa ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. 2015 yilda ikki xil yoritgich chiroqlari tayyorlagan bo‘lsak, joriy yilda yetti xil chiroq ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik. Kelgusi yilda yoritgich va chiroqlar turini o‘ntaga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Yarmarkaning uchinchi kunida «O‘zbekenergo», «O‘zbekko‘mir», «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari, «O‘zagromashservis» uyushmasi, «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari korxonalarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid