O‘zbekiston | 09:48 / 08.11.2016
13364
2 daqiqa o‘qiladi

UzInfocom markaziga yangi rahbar tayinlandi

Foto: UzInfocom

Axborot texnologiyalari kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tarkibidagi Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markaziga (UzInfocom) Husan Isayev rahbar etib tayinlandi. Markaz blogida xabar qilinishicha, 7 noyabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Xurshid Mirzohidov jamoaga yangi direktorni tanishtirgan.

Husan Isayev (1972 yil tug‘ilgan) 2014 yil martidan «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U Toshkent aloqa elektrotexnika institutini (2000 yil) telekommunikatsiya, Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi Oliy biznes maktabini menejment yo‘nalishida (2006 yil) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1993 yilda elektromexanik lavozimida boshlagan. Turli yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori yordamchisi, bosh vazir o‘rinbosari yordamchisi, O‘zAAA litsenziyalash va standartlashtirish bo‘limi boshlig‘i hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsion texnologiyalar davlat qo‘mitasi litsenziyalash va lisenzion shartnomalar ijrosini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

U UzInfocom markaziga 2015 yilning martidan buyon rahbarlik qilib kelgan G‘ayratxo‘ja Saydaliyev o‘rnini egalladi.

Mavzuga oid