Sport | 07:10 / 01.12.2016
14632
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegcha mot: Jahon shaxmat tojining sohibi ma'lum bo‘ldi

Foto: Shannon Stapleton / Reuters

Nyu-Yorkda shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi uchun bo‘lib o‘tgan bahs nihoyasiga yetdi. Jahon chempioni unvonini, 30 noyabr kuni o‘zining 26 yoshini qarshilagan  norvegiyalik Magnus Karlsen munosib himoya qila oldi. 

Qayd etish joizki, 12 partiyadan so‘ng da'vogarlarning ikkisida ham bir xil imkoniyat saqlanib qolgan edi. Raqiblar 12ta bahsning 10tasini durang natija bilan yakunlashgandi. Shaxmat toji uchun kechgan va hal qiluvchi bo‘lishi lozim bo‘lgan oxirgi kuch sinashish esa eng qisqasi bo‘ldi. Shaxmatchilar 35-daqiqadan so‘ng durangga imzo chekishdi. Rossiyalik va norvegiyaliklar o‘z munosabatlarini tay-breykda hal qiladigan bo‘lishdi. 

Ko‘pchilik tay-breyk avvalida shaxmat toji sohibi imkoniyatlarini yuqori baholashgan bo‘lsa, boshqa mutaxassislar tay-breykni qaysidir ma'noda lotereyaga qiyoslashdi. 

Foto: Shannon Stapleton / Reuters

Rossiyalik grossmeyster Karyakin dastlab oq donalarda boshladi. Bellashuv ispancha partiya bo‘ldi. Ba'zi hollarda Karlsen vaqtdan unumli foydalanib, tezroq yurishga uringan bo‘lsa ham 37-yurishdan keyin durangga imzo chekishdi. 

Ikkinchi tay breykda oq donalarni surgan Karlsen italyancha partiyada o‘ynashga qaror qildi. Murosasiz, ammo ko‘p jihatdan Karlsen ustunligida o‘tgan bahs yana bir bor durang bilan yakunlandi. 

To‘rtinchi tay-breyk hal qiluvchisi bo‘ldi. To‘liq qurshovda qolgan Karyakin eng keskin debyutlardan biri – sitsiliyacha himoyani qo‘llashga qaror qildi. Bundan tashqari, ayrim yurishlar uchun besh daqiqa vaqt sarflab, bu borada ham raqibiga imkoniyatni boy bera boshladi. Karlsen esa asta-sekinlik bilan o‘z pozitsiyalarini yaxshilab bordi. Tay-breyk oxirlariga borganda da'vogar anchagina charchagani sezilib qoldi. Tezkor shaxmatning to‘rtinchi partiyasi 40-yurishi Karyakin orzularini chippakka chiqardi. 

Ta'kidlash joizki, shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi tarixda to‘rtinchi marotaba tay-breyklarda aniqlandi. Dastlab, 1998 yili rossiyalik Anatoliy Karpov hindistonlik Vishvanatan Anandni mag‘lub etgandi. 2006 yilda yana bir rossiyalik shaxmat ustasi Vladimir Kramnik bolgariyalik Veselin Topalovni dog‘da qoldirdi. 2012 yili Anand belorussiyalik Boris Gelfanddan ustun kelgandi. 

Karyakin ustidan g‘alaba norvegiyalik Karlsen uchun uchinchi jahon chempionligidir. 
Turnir mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi. U 60 ga 40 nisbatida chempion foydasiga taqsimlanadi. 

 

Mavzuga oid