O‘zbekiston | 16:39 / 15.12.2016
94784
4 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripovning harakat dasturi

O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirlikka taklif qilgan Abdulla Aripov deputatlar va senatorlarga hukumatning yaqin muddat hamda istiqboldagi harakat dasturini taqdim etdi. Quyida ushbu dasturning 10 yo‘nalishi keltirilgan:

Birinchi ustuvor yo‘nalish: Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori suratlarini saqlab qolish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish: Iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirishni, uning yetakchi tarmoqlarini faol modernizatsiyalashni va diversifikatsiyalashni davom ettirish.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish: Iqtisodiyot tarmoqlarini va respublika hududlarining eksport salohiyatini kengaytirish.

To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish: Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy mulk, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish va ishonchli himoya qilish. Bu borada xususiylashtirish jarayonlarni chuqurlashtirish, korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushi va aktivlarini xususiy investorlarga, birinchi navbatda xorijiy investorlarga sotish ishlarini izchil davom ettirish

Beshinchi ustuvor yo‘nalish: Aholining moddiy faravonligi, hayot sifati va darajasini yuksaltirish, buning uchun avvalo aholining mehnat bilan bandligini oshirish.

Vazir 2017 yil uchun tuzilgan aholi bandligini ta'minlash dasturiga ko‘ra,  390 ming kishi doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini qishloq xo‘jaligi va qurilishda vaqtinchalik hamda mavsumiy ish bilan, 309 ming kishini shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta'minlash vazifa qilingan.

Oltinchi ustuvor yo‘nalish: Zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik infratuzilmasini shakllantirish strategiyasini amalga oshirishni davom ettirish.

Bu yo‘nalish doirasida, shahar va tumanlarda suv ta'minoti, sanitariya bo‘yicha ishlar davom ettiriladi, avtomobil yo‘llari qurish va ta'mirlash, xo‘jaliklararo yo‘llarni kapital ta'mirlanadi, temir yo‘l transporti infratuzilmasi rivojlantiriladi. Shuningdek, havo transportini rivojlantirish maqsadida Toshkent aeroportining xalqaro terminali barpo etilishi boshlanadi.

Yettinchi ustuvor yo‘nalish: Aholiga transport xizmatini ko‘rsatish yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirish. Avvalo, 74ta avtovokzal va avtobekat rekonstruksiya qilinadi, 3000ta yangi avtobus, 5700ta mikroavtobus sotib olinib, 300dan ortiq yangi yo‘nalish ochiladi. Toshkent metrosida qurilish ishlari olib boriladi. Qishloq aholisi talablaridan kelib chiqib, 15 mingta uy quriladi. Shahar aholisi uchun 2017-20 yillarda 995ta ko‘p kvartirali qavatli uylar qurilib, 50 mingga yaqin oila yangi uy bilan ta'minlanadi.

Sakkizinchi ustuvor yo‘nalish: Ijtimoiy soha, xususan, ilm-fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat sohalarini izchil rivojlantirishni davom ettirish.

To‘qqizinchi ustuvor yo‘nalish: Yoshlar siyosati va yosh avlodni tarbiyalash vazifasi hukumat e'tiborida bo‘ladi. Ommaviy madaniyat ko‘rinishida kirib kelayotgan tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish choralari.

O‘ninchi ustuvor yo‘nalish: Aholi bilan muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish.  “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” doirasidagi ishlar kelgusi besh yillik faoliyatda ham eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Mavzuga oid