Fan-texnika | 14:12 / 30.12.2016
9098
2 daqiqa o‘qiladi

Apple mahsulotlari yana bir mamlakatda ishlab chiqarila boshlaydi

Foto: © AP

Amerikaning Apple kompaniyasi 2017 yilning aprelidan Hindistonning Bangalor shahrida ham o‘z mahsulotlarini  ishlab chiqaradi. Bu haqida Times of India nashri xabar berdi. 

Apple mahsulotlarini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi Tayvanning Wistron kompaniyasi Bangalor sharqidagi sanoat xabida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. 

Manbaga ko‘ra, ishlab chiqarish operatsiyalari aprel oyidan boshlanadi, 2017 yilning oxiriga borib esa, to‘liq qamrovli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Apple'ning Hindistondagi bozorga qiziqishi boshqa mamlakatlar bozorlaridagi tanazzul fonida bu mamlakatdagi sotuvlarning ijobiy dinamikasi bilan izohlanadi. 

Counterpoint Technology Market Research ma'lumotlariga ko‘ra, Apple 2015 yil oktabridan 2016 yilning sentabriga qadar 2,5 million iPhone smartfonlarini sotgan. Bu yillik hisobda 50 foizga o‘sishni bildiradi. Biroq Apple'ning hind bozoridagi ulushi juda kam. Strategy Analytics kompaniyasining avgust oyida o‘tkazgan tadqiqoti Apple iOS operatsion tizimining ulushi joriy yilning ikkinchi choragida atigi 2,4 foizni tashkil qilganini ko‘rsatdi. Shuningdek manbada Hindistonning smartfon bozori kelasi yilda Amerika bozorini ortda qoldirib, dunyo miqyosida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishi kutilayotgani ta'kidlangan. 

Joriy yilning may oyida Apple rahbari Tim Kuk Hindistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida 2017 yilning boshida Bangalorda loyihalashtirish va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlovchi markaz ochish rejalari haqida ma'lum qilingan edi. 

Mavzuga oid