Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘limlar vodiysi – VARANASI | SUBYEKTIV
Varanasi. Bu shaharda jasadlar olovi o‘chmaganiga necha ming yillar bo‘lgan. Ganga daryosida o‘liklar yuviladi, ularning hoki oqiziladi, cho‘milishadi va uning suvlaridan ichishadi. O‘tinchilardan tortib bir chimdim sindur suruvchilargacha — hammaning tirikchiligi o‘likchilik bilan bog‘liq. Odamlar Varanasiga o‘lish uchun kelishadi. Ular o‘lim mehmonxonalariga joylashib, umrlarining oxirini kutishadi. Xo‘sh, nega shunday? SUBYEKTIV dunyodagi eng noodatiy shahar haqida hikoya qiladi!
Varanasi haqida antiqa ma’lumotlar shunchalik ko‘pki, ssenariy yozishda ularni qanday joylashtirib chiqishda rosa ikkilandim.
Varanasiga tunda yetib keldik. Bizni hali oldinda nimalar kutayotgani yetti uxlab tushimizga ham kirgani yo‘q. Ko‘z oldimizda hozircha tor ko‘chalar, mayit yoqish uchun tinmay tashilayotgan o‘tin va o‘tinchilar, har qadamdagi devorlarda chizib tashlangan hinduizm timsollari, bemalol yurgan sigirlar, Ganga daryosiga olib tushadigan zinalar bor edi.

O‘liklar krematsiya qilinib, hoki daryoga oqiziladigan bu joyning nomi – Manikarnika Ghat. Hindistonning turli burchaklaridan bu yerga kuniga 300 tagacha mayitlar olib kelib yoqiladi. Jasadlarni avval Ganga suviga botirib olishadi.

Hinduizm e’tiqodiga ko‘ra, shu bilan poklash jarayoni boshlanadi. Ba’zan jasadlar to‘liq yonmay qoladi. Ularni shu holicha Gangaga tashlab yuborishadi. Afsonaga ko‘ra, bu hududda olov abadiy hisoblanadi va u Shiva davridan beri o‘chmagan.

Bu marosimlar ochiqcha. Istalgan odam uni tomosha qilishi mumkin. Faqat tasvirga olishda cheklovlar bor. Har qadamda odamlar orasidan chiqib keladigan norasmiy guruhlar a’zolari sizdan pul talab qilishadi. Ya’ni, bu taqiqlar diniy cheklov emas. To‘lab qo‘yib, istalgan narsangizni suratga olavering.

Hind falsafasiga ko‘ra, inson qayta-qayta dunyoga keladi. Yana yashaydi. Yana azob chekadi.
Va bu aylanish mokshaga erishmaguncha davom etaveradi. Moksha — mana shu zanjirning uzilishi va boshqa dunyoga ketishning boshlanishi, deb ishoniladi.
Shuning uchun millionlab odamlar uchun Varanasi — oddiy shahar emas. U yer bilan osmon o‘rtasidagi chegaradek qabul qilinadi. Kimki aynan bu yerda hayot bilan vidolashsa yoki Ganga suvida poklansa, uning ruhi mokshaga yaqinlashadi. Bu esa hinduizmning oliy maqsadi.
O‘lim mehmonxonalari
Boshqa joylarda o‘lim kutilmagan tasodif bo‘lsa, bu yerda u manzil va maqsad. O‘lim uyida 20 yildan ortiq yashayotgan bu ikki ayolning har biri bu yerga kelganidan beri 20 ming dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Bu mablag‘ning ma’lum qismini ular Varanasiga kelishdan oldin yig‘gan bo‘lishsa, qolganini farzandlari shaharning xayriya fondiga onalari uchun tashlab turishadi. Bu kabi uylar mahalliy xayriya tashkilotlari tomonidan ham moliyalashtiriladi. Mehmonxonaning har bir xonasidan odam o‘lgandan keyin olib chiqiladi.
Agorilar
Varanasidagi eng sirli va tushunish qiyin bo‘lgan guruhlardan biri — agorilar. Ular oddiy ruhoniylardan butunlay farq qiladi. Muqaddas joylari esa ibodatxona emas. Krematsiya maydonlari.

Agorilarning asosiy g‘oyasi oddiy: dunyoda yomonlik yoki ifloslik degan tushuncha yo‘q. Taqiqlangan yoki rad etilgan narsalardan qochishmaydi, aksincha, uni qabul qiladi. Shuning uchun ham eng qabul qilib bo‘lmas, antisanitar, axloqqa zid ishlarni ham qilaverishadi.
Ko‘plari tanasiga krematsiyadan qolgan kul suradi. Bu oddiy harakat emas; tananing vaqtinchaligini va hayotning moslashuvchanligini eslaydigan ramz. Ular o‘z qarashlariga muvofiq, jamiyatdan chekingan holda yashaydi. Qashshoqlikni va yakkalikni qabul qilish orqali haqiqiy ozodlikni izlaydi.
Odamlar orasida pul so‘rab yuradigan ruhoniylar ham, agorilarning ham hammasi soxta. Ular sayyohlarga o‘zini shunday tanishtirib pul ishlash ilinjida shu yasama timsolga aylanib olishadi.
Varanasi haqidagi hikoyaning to‘liq shaklini yuqoridagi YouTube havolasi orqali tomosha qiling!
Mavzuga oid
09:16 / 29.05.2026
Hindiston O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi
19:15 / 01.05.2026
MUMBAY. Xarobadagi milliardlar | SUBYEKTIV
08:35 / 27.04.2026
Ambanilarning 200 mlrd dollarlik biznes imperiyasi. Hammasi qanday boshlangandi?
20:13 / 25.04.2026