Fan-texnika | 15:48 / 05.01.2017
7119
2 daqiqa o‘qiladi

CES 2017: LeEco yangi “aqlli” velosipedlarni taqdim etdi

LeEco kompaniyasi AQShning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tayotgan CES 2017 elektronika ko‘rgazmasida ikkita yangi rusumdagi “aqlli” velosipedini namoyish etdi. Smart Road Bike va Smart Mountain Bike velosipedlari Android 6.0 Marshmallow negizidagi Bike OS dasturiy ta'minotida ishlaydi. 

Smart Road Bike – shahar uchun mo‘ljallangan model bo‘lib, Smart Mountain Bike birmuncha noqulay yo‘llarda harakatlanishga moslashtirilgan. Ikkala transport vositasining elektron «miya»si sifatida Snapdragon 410 chiplari tanlangan. Bundan tashqari, LeEco velosipedlari 4 dyuymli ekranlar va 6000 mAs quvvatli akkumulyatorlarga ega. 

Velosipedlarni faqatgina barmoq izi bilangina elektron qulfdan xalos qilish mumkin. 

Qurilma o‘z egasining tanasidagi ko‘rsatkichlarni nazorat qilib boradi. Aytish mumkinki, u o‘rnatilgan fitnes-trekerdir. Shu bilan birga, erishilgan natijalar va salomatlik to‘g‘risidagi ma'lumotlarni do‘stlar bilan baham ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, velosipedlarga GPS-modul, xarita, pleyer, qo‘ng‘iroq, yoritqichni boshqarish paneli, ichki ratsiya va signalizatsiya o‘rnatilgan.

“Aqlli” velosipedlarning ramasi karbondan yasalgani sabab ancha yengil. Smart Road Bike 8,4 kg kelsa, Smart Mounting Bike vazni 12,2 kgdir.

Dastlab, Smart Road Bike va Smart Mountain Bike 2017 yil ikkinchi choragida AQSh bozorida paydo bo‘ladi. Keyinroq, velosipedlar boshqa mamlakatlarda ham sotuvga chiqarilishi ehtimol. Shunga qaramay, ishlab chiqaruvchi ularning narxini sir tutmoqda. 

Mavzuga oid