O‘zbekiston | 10:11 / 16.02.2017
32303
4 daqiqa o‘qiladi

Ikromov: Maqsad o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonga, qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga erkin borib kelishi uchun qulay sharoit yaratish

15 fevral kuni Farg‘onaga Qirg‘iziston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Jyenish Razakov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi va chegaralarni delimitatsiya qilish ishchi guruhi a'zolari tashrif buyurdi. Voqea joyidan farg‘onalik jurnalist Muhammadjon Obidov «Kun» sayti uchun maxsus eksklyuziv material tayyorladi. 

Qirg‘iziston delegatsiyasi vakillari «Aziya» mehmonxonasi konferensiyalar zalida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Adham Ikromov va O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegaralarini belgilash ishchi guruhi bilan navbatdagi uchrashuvda ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Almazbek Atambayev 2016 yilning 24 dekabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat hukumatlariga bu masalani tez orada hal etish vazifasini topshirgandi. O‘tgan davr ichida ishchi guruhlari bir necha bor O‘zbekiston va Qirg‘izistonda uchrashishdi va davlatlar o‘rtasidagi chegaraning delimitatsiya qilish ishlarini deyarli yakunlashmoqda.

«Bizning ota-bobolarimiz «Bozorimiz ham, mozorimiz ham bir» deb o‘tishgan. Yaxshi-yomon kunlarda qismat sinovlarini birgalikda boshdan kechirishgan, bosqinchilarga qarshi birga kurashishgan, do‘stlik burchiga hamisha sodiq qolishgan. Maqsadimiz o‘zbekistonliklar Qirg‘izistonga, qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga erkin borib kelishi uchun qulay sharoit yaratishdir. Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz bilan bu borada hamfikr ekanmiz, chegaraga oid huquqiy hujjat tezkorlik bilan yuzaga kelishiga imkon bermoqda. Qolaversa, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohadagi hamkorlik bir-birimizni anglash va «bir tilda» so‘zlashishimizga ko‘mak beryapti. 2016 yilning 1 oktabridagi Qirg‘iziston hukumat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillarining Andijonga tashrifi, 26 oktabrda esa O‘zbekistonning shunday delegatsiyasi O‘shda bo‘lgani, mana bugun esa Farg‘ona zaminidagi do‘stona uchrashuvlar shubhasiz azaliy munosabatlar tarixiga yorqin sahifa bo‘lib yozilajak. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat o‘zbek musiqali akademik drama teatrining ijodiy safar uyushtirib, xalqlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini biz benihoya qadrlaymiz va bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz», degan bosh vazir o‘rinbosari Ikromov.

«Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atambayevning Samarqanddagi uchrashuvidan so‘ng ikki davlat munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bir-birimizga ishonch mustahkamlandi. Biz muzokaralarda har ikki mamlakat manfaatlariga hurmat bilan yondashadigan bo‘ldik. Bugun Farg‘onada ilk bor «Aykul-Manas» spektakli namoyish etiladi. Qudratli va salohiyatli davlat barpo etish, uni taraqqiy ettirish – Manas botir hayotining bosh maqsadi va mazmuni edi. Bu oliyjanob g‘oya – har doim birga bo‘lish, hamdard, hamnafas bo‘lish biz uchun eng muhim va dolzarb vazifadir.

Bugun ikki mamlakat xalqi bizni kuzatib turibdi. Shuning uchun ham chegaralarni aniqlash ishini yakunlashga katta mas'uliyat bilan qaramoqdamiz. Eng muhimi, har ikki tomonning istagi bir ekanida», degan Qirg‘iziston delegatsiyasi rahbari.

Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi samarali o‘tganini, yaqin kunlarda ular yana bir bor uchrashishga qaror qilganliklarini bildirishdi.

Muhammadjon Obidov, Farg‘ona

Mavzuga oid