Jahon | 09:05 / 27.02.2017
6505
3 daqiqa o‘qiladi

Gitlerning auksionda sotilgan telefoni qalbaki deb ataldi

Foto: PICTURE-ALLIANCE

Mutaxassislar auksionda 243 ming dollarga sotilgan, Adolf Gitlerning shaxsiy telefonining haqiqiyligiga gumon bildirishdi. Bu haqda Frankfurtdagi Aloqa muzeyi vakili Frank Gnegelga iqtibos keltirgan holda Frankfurter Allgemeine Zeitung nashri xabar bermoqda.  

"U aniq qalbakidir. Gitlerning telefoni Siemens&Halske (Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, bunikida esa ingliz trubkasi. Hech qachon bunday qilinmagan", deb aytmoqda mutaxassis.

Uning fikricha, auksionda sotilgan telefon keyinroq Buyuk Britaniyada yig‘ilgan.

Shuningdek, telefonning qizil rangga bo‘yalgani ham shubha uyg‘otgan. "Siemens qora telefonni qizil rangga bo‘yamay, uni rangli plastmassadan ishlab chiqargan bo‘lardi", deb ta'kidlamoqda Gnegel.

DPA

Uning qo‘shimcha qilishicha, Gitler ramzi o‘yib tushirilgan yozuvning qizil rangga bo‘yalgani ham o‘sha zamonlar ruhiyatiga mos kelmaydi.

Gnegelning aytishicha, qurilma raqamni terish chambariga egaligi ham shubha uyg‘otadi, chunki Gitlerning telefoni hamisha telefon stansiyasiga ulangan holda bo‘lgan.

Bundan tashqari, Gnegel ushbu telefonning Gitlerning "yo‘lda ishlatadigan telefoni" deb ta'riflanganini ham tanqid qildi. "Telefonni yo‘lga olish g‘oyasi faqatgina mobil telefonlardan foydalanuvchi avloddan chiqishi mumkin. U paytda vilkali telefon rozetkalari bo‘lmagan. Telefon shunchaki devordagi rozetkaga ulangan bo‘lgan, uni shunchaki o‘zi bilan olib ketish mumkin bo‘lmagan", deb aytmoqda mutaxassis.   

"Gitler telefoni" 19 fevralda sotilgandi. Auktsion uyi ma'lumotlariga ko‘ra, Gitlerning nomi o‘yib tushirilgan qurilma vermaxtning sovg‘asi bo‘lgan. 1945 yilda sovet askarlari uni Gitlerning bunkerida aniqlashgan va keyinchalik britaniyalik zobitga topshirishgan. Bu telefon zobitning oilasida saqlab kelingan. Ushbu telefon sotilishi vaqtida "butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan eng qirg‘inbarot "qurol" bo‘lsa kerak", deya ta'riflangan.   

Mavzuga oid