Nima desangiz deng: yo‘lovchilarning hayoti – men uchun bir tiyin
Toshkent jamoat transportining yo‘lovchilaridan biri Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Potrebiteli.Uz guruhiga avtobus haydovchisining o‘z vazifasiga mas'uliyatsiz yondashayotganini isbotlovchi suratlarni joylashtirdi. Haydovchi avtobusni boshqarish chog‘ida smartfonini titkilash bilan ovora bo‘lgan va shu bilan halokatli vaziyatlarni sodir etgan.
Foydalanuvchi fotosuratlarga quyidagi izohlarni qoldirgan:
«Hurmatli «Toshshahartransxizmat» ma'muriyati! Diqqat qiling! 58-avtobus yo‘nalishi, davlat raqami 01-141 FCA (garaj raqami 608), 12-avtobus saroyi. Ushbu holat kuzatilgan vaqti 16:00. «Ekskavator zavodi – Sputnik, Sergeli» yo‘nalishida qatnov amalga oshirilayotgan edi.
Avtobus haydovchisi, qatnov boshlanishidan YHQ va avtobus old oynasiga yopishtirilgan taqiqlovchi belgiga qaramay, smartfonga mukkasidan ketib, Tashbus ilovasi orqali o‘z raqobatchisi hisoblangan 38-yo‘nalish avtobusi harakatini, qayerda ketayotganini kuzatib bordi. Shu bilan u yo‘llarda avariyali holatlarni vujudga keltirdi. Har bir bekatda uzoq vaqt qolib ketdi.
Sizlar qachon o‘z xodimlaringiz tomonidan yo‘lovchilarni tashishda tartib-qoidalarga rioya etilishini jiddiy nazorat qilishni boshlaysiz? Bu jarayonni videosini ham joylashim mumkin. Mana hozir o‘sha avtobusda o‘tirib haydovchingizni suratga olyapman. U smartfoni bilan shunchalik bandki, meni hatto sezgani ham yo‘q. Choralar ko‘ring! Yuqori idoralarga ham yozaman!
P.S. Toshkentning hurmatli haydovchilari menga aytingchi, YHXBning shu kabi qoidabuzarliklarni ma'lum qilish imkonini beruvchi sayti bormi o‘zi?», – deya so‘raydi yo‘lovchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, avtobus boshqarayotganda gazeta o‘qib ketayotgan haydovchi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lgani xususida xabar qilgan edik.
«Toshshahartransxizmat» unga jiddiy chora ham ko‘rgan edi.
.